Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2023-yil 24-fevral kuni Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Belgilansinki:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L. Kudratov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori — Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ijrochi direktori Sh. Vafayev Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamgʻarmasi direktorlar kengashi aʼzolari hisoblanadi;
Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamgʻarmasining ustav kapitalida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ulushi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori — Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ijrochi direktori Sh. Vafayevga Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamgʻarmasining ustavini imzolash vakolati beriladi.
4. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ushbu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida Ozarbayjon tomoniga tegishli bildirishnomani yuborsin.
5. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuniga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 18-iyul,
PQ-230-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2023-y., 07/23/230/0500-son)