Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Madaniyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasi vakillari hamda ijodkorlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining boy va qadimiy madaniyatini oʻzaro uygʻun va hamohang ravishda rivojlantirish, shuningdek, badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish ishlarini doimiy moliyalashtirish tizimini yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Madaniyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar:
a) Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tuman (shahar)larining mahalliy budjetlarida shakllangan qoʻshimcha manbalar hisobidan har chorakda ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik koʻmak mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
davlat-xususiy sheriklik asosida olinadigan daromadlarning taqsimlanishidan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari etib belgilansin:
madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, iqtidorli ijodkorlarni, ayniqsa, yoshlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash;
ogʻir iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj madaniyat va sanʼat xodimlarini aniqlash, ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatish tadbirlarini tashkil etish hamda moliyalashtirish;
madaniyat va sanʼat tashkilotlari faoliyatini moddiy qoʻllab-quvvatlash;
ijodkorlar, ijodiy va badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish;
madaniyat tashkilotlarining binolari va madaniyat obyektlarida qurilish-montaj ishlarini olib borish, ularning faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari va ilgʻor innovatsiyalarni joriy etish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa xarajatlarni qoplash.
3. Madaniyat va turizm vazirligi Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2023-yil uchun Madaniyat va turizm vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan 20 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Jamgʻarmaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan mablagʻlar ajratish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga takliflar kiritib borsin.
5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizomni va uning vasiylik kengashi tarkibini tasdiqlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat va turizm vaziri O.A. Nazarbekov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-iyul,
PQ-219-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2023-y., 07/23/219/0461-son)