Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlar yaratish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga uning faoliyati samaradorligini oshirish va takomillashtirish maqsadida bir qator yangi vakolatlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 23-yanvardagi PQ-15-son qarorida belgilangan maqsadlarga erishish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tizimini yanada takomillashtirish orqali uning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
davlat organlari va idoralar tomonidan tadbirkorlikka oid barcha begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (keyingi oʻrinlarda — Palata) loyiha hamkori sifatida jalb qilinishi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda Palataga milliy hamkor biriktirish talabi qoʻllanilmasligi;
Palata huzuridagi Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari tugatilib, ularning oʻrniga Palataning tuman (shahar) boʻlimlari tashkil etilayotganligi.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vaxabov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-may,
217-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-maydagi 217-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 391-band bilan toʻldirilsin:
“391. Davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aʼzo sifatida roʻyxatga qoʻyish uchun Savdo-sanoat palatasi bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ oʻrtasidagi oʻzaro integratsiyalashgan elektron tizim orqali Palata tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri olinadi.
Bunda, Palata tomonidan tadbirkorlik subyektlarini aʼzo qilish “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 16-oktabrdagi 834-son qarorining 6-bandi uchinchi xatboshisidagi “huzuridagi tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari” soʻzlari “tuman (shahar) boʻlimlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 13-avgustdagi 666-son qarorida:
a) 1-ilovadagi “Tuman (shahar) tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi direktori” soʻzlari “Savdo-sanoat palatasi tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi” soʻzlari bilan;
b) 2-ilovadagi “Tuman (shahar) tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi direktori” soʻzlari “Savdo-sanoat palatasi tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-son qarori bilan tasdiqlangan Tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 26-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat organlari va idoralari tomonidan tadbirkorlikka oid barcha begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirishda Savdo-sanoat palatasi loyiha hamkori sifatida jalb qilinadi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-oktabrdagi 527-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2023-y., 09/23/527/0752-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2023-y., 09/23/217/0301-son; 05.10.2023-y., 09/23/527/0752-son)