Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2023-yil 27-yanvar kuni Bishkek shahrida imzolangan 2006-yil 3-oktabrda Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnoma tasdiqlansin.
2. Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar etib belgilansin.
3. Tashki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ushbu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar toʻgʻrisida Qirgʻiziston tomoniga tegishli bildirishnomani yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-aprel,
PQ-134-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 07/23/134/0234-son)