Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomaga qoʻshilish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq:
1. 2013-yil 31-may kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlari Hukumat rahbarlari Kengashi yigʻilishida imzolangan Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlari va duragaylari urugʻliklarini, meva-rezavor va uzum koʻchatlarini yetishtirish hamda yetkazib berish boʻyicha davlatlararo ixtisoslashuv toʻgʻrisidagi Bitimga qoʻshilinsin.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomaga qoʻshilganligi hamda uni amalga oshirishga masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-mart,
PQ-95-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2023-y., 07/23/95/0163-son)