Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 2-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 3-martda maʼqullangan
Keyingi yillarda energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanish hollarini bartaraf etish hamda isteʼmolchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Biroq koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanish bilan bogʻliq qonunbuzarliklar salmogʻi ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik va mazkur sohadagi vakolatli organlarning koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan tijorat maqsadlarida qonunga xilof ravishda foydalanish bilan bogʻliq harakatlar oʻgʻirlik sifatida malakalanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy boshqarmalari koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik, shuningdek elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish vakolati ushbu Inspeksiyaga va uning hududiy boshqarmalariga taalluqliligi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun jazo muqarrarligini taʼminlash, shuningdek bunday toifadagi huquqbuzarliklarga doir sud-tergov amaliyotida yagona yondashuvni shakllantirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 1, 3-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165-modda; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 314-modda, № 12, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 12, 656-modda; 2007-yil, № 4, 158, 166-moddalar, № 6, 248-modda, № 9, 416, 422-moddalar, № 12, 607-modda; 2008-yil, № 4, 187, 188, 189-moddalar, № 7, 352-modda, № 9, 485, 487, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 128-modda, № 9, 329, 334, 335, 337-moddalar, № 12, 470-modda; 2010-yil, № 5, 176, 179-moddalar, № 9, 341-modda, № 12, 471, 477-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430-modda, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 471-modda, № 9, 592-modda, № 11, 787-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 204-modda, № 7, 449-modda, № 10, 593-modda, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 14-moddalar, № 2, 142, 144-moddalar, № 3, 217-modda, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 966, 968, 973-moddalar, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 2, 81-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 466-moddalar, № 6, 575-modda, № 10, 981-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 169-modda ikkinchi qismi:
“g” bandining oʻzbekcha matnidagi “sodir etilgan boʻlsa” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi “d” va “e” bandlar bilan toʻldirilsin:
“d) umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yoʻli bilan;
e) umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga elektr energiyasi, gaz yoki suv taʼminoti tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari tomonidan oldindan til biriktirib, tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa”;
2) 1852-modda quyidagi mazmundagi yettinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu modda umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali talon-toroj qilish bilan bogʻliq harakatlar sodir etilganda qoʻllanilmaydi”;
3) sakkizinchi boʻlim quyidagi mazmundagi atama bilan toʻldirilsin:
“Tijorat maqsadi — jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan muayyan faoliyatda foyda yoki daromad olishga qaratilgan maqsad”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2013-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 2, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 11, 23-moddalar, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda; 2006-yil, № 6, 261-modda; 2007-yil, № 4, 166-modda, № 6, 248, 249-moddalar, № 9, 422-modda, № 12, 594, 595, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 177, 187-moddalar, № 9, 482, 484, 487-moddalar, № 12, 636, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 4, 136-modda, № 9, 335-modda, № 12, 469, 470-moddalar; 2010-yil, № 6, 231-modda, № 9, 334, 336, 337, 342-moddalar, № 12, 477-modda; 2011-yil, № 4, 103, 104-moddalar, № 9, 252-modda, № 12/2, 363-modda; 2012-yil, № 1, 3-modda, № 9/2, 244-modda, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 385-modda; 2017-yil, № 3, 47-modda, № 6, 300-modda, № 9, 506, 510-moddalar, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 5-moddalar, № 4, 218, 224-moddalar, № 7, 430, 431-moddalar, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161-modda, № 5, 259, 267-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469-modda, № 9, 589, 592-moddalar, № 10, 671-modda, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 881, 891-moddalar; 2020-yil, № 3, 204-modda, № 5, 296-modda, № 12, 689-modda; 2021-yil, № 1, 5, 11, 13, 14-moddalar, № 2, 142, 144-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 973-modda, № 12, 1193-modda; 2022-yil, № 2, 81-modda, № 3, 216-modda, № 4, 337-modda, № 6, 575-modda) 345-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartish kiritilsin:
ikkinchi qismi “141 — 149” raqamlaridan keyin “169-moddasi ikkinchi qismining “d” va “e” bandlarida hamda uchinchi qismining “g” bandida” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
beshinchi qismdagi “169-moddasi ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida” degan soʻzlar “169-moddasi ikkinchi qismining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida, uchinchi qismining “a”, “b” va “v” bandlarida hamda toʻrtinchi qismida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1189-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritilsin:
1) 61-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yoʻli bilan elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni oʻgʻirlash tarzida sodir etilgan oz miqdorda talon-toroj qilish, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi”;
uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi va beshinchi qismlar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Tijorat maqsadi deganda jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan muayyan faoliyatda foyda yoki daromad olishga qaratilgan maqsad tushuniladi”;
2) 101-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu modda umumiy foydalanishdagi elektr yoki gaz tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali oz miqdorda oʻgʻirlash bilan bogʻliq harakatlar sodir etilganda qoʻllanilmaydi”;
3) 163-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu modda umumiy foydalanishdagi issiqlik yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali oz miqdorda oʻgʻirlash bilan bogʻliq harakatlar sodir etilganda qoʻllanilmaydi”;
4) quyidagi mazmundagi 1986-modda bilan toʻldirilsin:
“1986-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy boshqarmalari koʻrsatmalarini bajarmaganlik
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy boshqarmalari koʻrsatmalarini bajarmaganlik, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilgan boʻlsa, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
5) 245-moddaning birinchi qismi:
“101” raqamidan keyin “(bundan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taalluqli ishlar mustasno)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
“1985” raqamidan keyin “1986” raqami bilan toʻldirilsin;
6) 248-moddaning toʻrtinchi qismi “ushbu Kodeksning 101-moddasida” degan soʻzlardan keyin “(bundan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taalluqli ishlar mustasno)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
7) quyidagi mazmundagi 2602-modda bilan toʻldirilsin:
“2602-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga ushbu Kodeksning 101-moddasida (elektr energiyasi va gazdan foydalanish qismida mansabdor shaxslarga nisbatan) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi nomidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga va jarima solish tariqasidagi maʼmuriy jazo chorasini qoʻllashga quyidagilar haqli:
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi hamda uning oʻrinbosarlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalari boshliqlari.
Ushbu Kodeksning 1986-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy boshqarmalari mansabdor shaxslari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga koʻrib chiqish uchun yuboriladi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Energetika vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-mart,
OʻRQ-822-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2023-y., 03/23/822/0143-son)