Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini jadal surʼatlarda hal etish hamda aholi farovonligini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Toshkent shahri mahallalarining infratuzilmasini rivojlantirish, havo harorati keskin sovib ketishi davrida talafot koʻrgan mahallalardagi ichki yoʻllar, piyodalar yoʻlaklari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini taʼmirlash maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) hisobidan Toshkent shahri mahallalarining infratuzilmasini rivojlantirish, havo harorati keskin sovib ketishi davrida talafot koʻrgan mahallalardagi ichki yoʻllar, piyodalar yoʻlaklari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini taʼmirlash va obodonlashtirish uchun Toshkent shahar hokimligiga 584 milliard soʻm miqdorida foizsiz kredit ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, mazkur kredit mablagʻlarining 200 milliard soʻmi 2023-yilning IV choragida, 384 milliard soʻmi 2024-yilning har choragida teng ulushlarda Toshkent shahar mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan Jamgʻarmaga qaytariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Toshkent shahar hokimligi mazkur qarorning 1-bandida belgilangan kredit mablagʻlari hisobidan Toshkent shahrining har bir mahallasiga qoʻshimcha 1 milliard soʻmdan mablagʻ ajratsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Toshkent shahrining tuman hokimliklari mahallalar raislari bilan birgalikda mahallalarning infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalarning roʻyxatlarini xalq deputatlari tuman Kengashlari yigʻilishida muhokama qilib, tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-fevral,
PQ-50-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2023-y., 07/23/50/0083-son; 02.06.2023-y., 07/23/175/0317-son)