Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi J. Shirinovning “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini yanada takomillashtirishga doir ishlar haqida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni keng koʻlamda amalga oshirish, ushbu jarayonda fuqarolar oʻz fikr-mulohazalarini va takliflarini erkin bildirishi uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar koʻrilgan.
Xususan, “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli qarorlariga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi deb yuritiladi) umumxalq muhokamasi bir oydan ziyod vaqt mobaynida aholining barcha qatlamlarini qamrab olgan holda, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida tashkil etilgan.
Aholining talab va istaklarini inobatga olgan holda hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini xalqimiz bilan har tomonlama muhokama qilish, loyihani pishiq-puxta holda maromiga yetkazish maqsadida umumxalq muhokamasini oʻtkazish muddati ikki marta uzaytirilgan.
Umumxalk muhokamasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy komissiya deb yuritiladi) huzurida keng jamoatchilik vakillaridan kelib tushadigan fikrlar va takliflarni oʻz vaqtida tahlil qilish, tizimlashtirish, umumlashtirish maqsadida, shuningdek ularni qayta ishlash muhimligini inobatga olgan holda Takliflar bilan ishlash guruhi hamda Yigʻma axborot-tahlil guruhining faoliyati izchil yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari (bundan buyon matnda deputatlar deb yuritiladi) va Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari hamda ekspertlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda fuqarolar ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilgan. Bundan tashqari bu boradagi milliy va xalqaro darajadagi konferensiya, “davra suhbatlari” va boshqa tadbirlar ham yuqori saviyada tashkil etib borilmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha umumxalq muhokamasining borishi jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish choralari koʻrilib, umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholidan hamda fuqarolik jamiyati institutlaridan 150 mingdan ortiq taklif va fikr-mulohazalar kelib tushgan boʻlib, ular oʻrganilgan va eng dolzarb takliflar Konstitutsiyaviy qonun loyihasida oʻz aksini topgan.
Bular umumxalq muhokamasi “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi toʻgʻrisida”gi Qonunga toʻla muvofiq ravishda tashkil etilganligini, aholi konstitutsiyaviy islohotlar haqida yetarlicha xabardor qilinganligini, fuqarolar ushbu jarayonlarning tashabbuskori va faol ishtirokchisi boʻlishga intilayotganligini koʻrsatmoqda.
Qonun loyihasi boʻyicha umumxalq muhokamasi bosqichi tugallangan boʻlishiga qaramay, fuqarolar hamda keng jamoatchilik tomonidan Konstitutsiyaning turli moddalarini takomillashtirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha shu kungacha 2,5 mingdan ortiq taklif yuborilgan boʻlib, ayni paytda takliflarning kelishi davom etmoqda hamda ular deputatlar tomonidan har tomonlama oʻrganilmoqda.
Mamlakatimiz aholisining turli qatlamlari konstitutsiyaviy islohotlarga obyektiv zarurat sifatida qarab, ularni yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlagan holda takliflar va fikrlar bildirib, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, takliflarda fuqarolar inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, taʼlim va ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, ekologik huquqlarni taʼminlash va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq masalalarga ustuvor ahamiyat qaratganlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 12-avgust kuni oʻtkazilgan majlisida umumxalq muhokamasi yakunlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi (bundan buyon matnda masʼul qoʻmitalar deb yuritiladi) tomonidan olib borilayotgan ishlar koʻrib chiqilib, unda masʼul qoʻmitalarga qonun loyihasini maromiga yetkazish ishlarini davom ettirish va ushbu jarayonda ochiqlikni taʼminlash vazifasi topshirilgan.
Shundan kelib chiqib, masʼul qoʻmitalar va Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi jarayonida keng jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar asosida yetakchi mutaxassislar va ekspertlarni jalb etgan holda loyihani yanada takomillashtirish ishlari olib borilgan.
Shu bilan birga joriy yil 6-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Sirdaryo viloyati faollari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini puxta ishlab chiqishda aholidan kelib tushgan har bir taklifni toʻliq aks ettirish muhimligi haqida fikr bildirdi.
Chinakam xalqchil Konstitutsiyani yaratish uchun aholidan kelib tushgan takliflarni oʻrganish ishlarini davom ettirish zarur.
Shu munosabat bilan davlat xizmatini yanada demokratlashtirish va uning ochiqligini taʼminlash, mamlakatda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar bilan hamohang ravishda davlat hokimiyati organlarini maqbullashtirish va modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlarini yanada mustahkamlash, jamoatchilik, parlament va deputat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, inson shaʼni va qadr-qimmati birinchi oʻrinda turadigan ijtimoiy davlat prinsipini roʻyobga chiqarishning konstitutsiyaviy mexanizmlarini kuchaytirishga va boshqa muhim masalalarga qaratilgan konstitutsiyaviy normalarni ishlab chiqish boʻyicha tizimli tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek ilgʻor xorijiy va xalqaro tajribani oʻrganishni tashkil etish, jamiyat va davlat qurilishining mustahkam konstitutsiyaviy asoslarini yaratish boʻyicha eng maqbul konstitutsiyaviy tajribani amaliyotga tatbiq etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish choralarini koʻrish zarur. Bundan tashqari konstitutsiyaviy islohotlarning dolzarb masalalarini muhokama qilish, uning asosiy vazifalarini hamda konstitutsiyaviy yangiliklarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish boʻyicha milliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda mamlakatimizda hamda chet ellarda qator tadbirlar (konferensiyalar, seminarlar, “davra suhbatlari”) tashkil etish zarur.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonining ochiqligi va shaffofligini, ushbu jarayonda fuqarolarning keng ishtirok etishini eng yuqori darajada taʼminlash, ularda mamlakatimiz Konstitutsiyasini takomillashtirish jarayoniga daxldorlik hissini shakllantirish maqsadida har bir fuqaroga oʻzi taqdim etgan takliflar va fikr-mulohazalarning taqdiri yoxud ulardan boshqa qonun hujjatlarini takomillashtirishda foydalanilishi toʻgʻrisidagi axborotni yetkazish choralarini koʻrish zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi J. Shirinovning “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi haqida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishga doir ishlarni davom ettirish haqidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi:
deputatlar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan ishlarni davom ettirsin;
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish boʻyicha ishlarning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy, sud-huquq va maʼmuriy islohotlarning, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlarini aniqlashtirishga, shuningdek ularning hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalar bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlasin;
davlat hokimiyati organlarini maqbullashtirish va modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlarini yanada mustahkamlash, jamoatchilik, parlament va deputat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, ijtimoiy davlat prinsiplarini roʻyobga chiqarishning konstitutsiyaviy mexanizmlarini kuchaytirish hamda davlat xizmatini yanada demokratlashtirish va uning ochiqligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsin;
davlat organlari, shu jumladan sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarini qoʻllash tartibi va usuli tartibga solinishini, ushbu normalarning amaldagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan oʻzaro bogʻliqligini nazarda tutsin;
Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi qoidalarga oid ilgʻor xalqaro va xorijiy tajribani oʻrganishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqsin va amalga oshirsin, bunda Oʻzbekiston sharoitida konstitutsiyaviy normalarni amalga oshirishning eng ilgʻor tajribasi va samarali mexanizmlarini joriy etish boʻyicha aniq takliflarni shakllantirsin;
konstitutsiyaviy islohotlarning dolzarb masalalarini milliy va xorijiy yetakchi ekspertlar, olimlarni jalb etgan holda muhokama qilish, uning asosiy vazifalari hamda konstitutsiyaviy yangiliklarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish boʻyicha Oʻzbekistonda va xorijda tadbirlar (konferensiyalar, seminarlar, “davra suhbatlari”) oʻtkazish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ijrosini taʼminlasin;
Konstitutsiyaviy komissiya bilan hamkorlikda Konstitutsiyani yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar yuborayotgan fuqarolar va tashkilotlarga ularning takliflari Asosiy qonunga kiritilganligi yoxud mazkur takliflardan boshqa qonun hujjatlarini takomillashtirishda foydalanilishi toʻgʻrisida javob yuborish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustidagi ishlarning borishi toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun tizimli va muntazam asosda kiritib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini fuqarolarga tushuntirish ishlarini davom ettirish tavsiya etilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-noyabr,
2703-IV-son