Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining klinikasida tibbiy xizmat sifatini yaxshilash” loyihasini amalga oshirish maqsadida Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 28-dekabrdagi PQ-4553-son qarori ijrosini taʼminlash hamda Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining klinikasida tibbiy xizmat sifatini yaxshilashni nazarda tutgan holda berilayotgan Yaponiya Hukumatining grantlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-dekabrdagi PQ-4553-son qarori bilan tasdiqlangan Investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini oʻz vaqtida ijro etish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi (“yoʻl xaritasi”)ning 21-bandiga muvofiq Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutiga tibbiy uskunalarni yetkazib berilishi belgilanganligi;
b) ushbu amaliy harakatlar rejasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya Hukumati oʻrtasida 2022-yil 1-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimiga grant ajratish toʻgʻrisida Hukumatlararo almashinuv notalari va Grant bitimi imzolanganligi, bunda:
“Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining klinikasida tibbiy xizmat sifatini yaxshilash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish maqsadida Yaponiya Hukumatining begʻaraz yordam dasturi doirasidagi qiymati 794 mln Yaponiya iyenasi (7,3 mln AQSh dollariga teng ekvivalentda) miqdoridagi granti hisobidan Yaponiyada ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalarni yetkazib berish belgilanganligi;
Yaponiya Hukumati tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) barcha xaridlarni amalga oshirish va yetkazib berish boʻyicha vakil etib tayinlanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi nomiga Yaponiya vakolatli bankida grant boʻyicha hisob-kitob xizmatlarini amalga oshirish uchun maxsus hisobvaraq ochilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyatiga (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzmilliybank” AJ) Yaponiyaning vakolatli banki bilan banklararo shartnomani imzolash vakolati berilsin.
“Oʻzmilliybank” AJga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi nomiga Yaponiyaning vakolatli bankida grant boʻyicha hisob-kitob xizmatlarini amalga oshirish uchun maxsus hisobvaraq ochilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda loyihani amalga oshirish doirasida grant olish va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha tartibotlarni rasmiylashtirish, shuningdek xaridlar jarayonining borishi boʻyicha doimiy monitoring olib borsin;
loyiha doirasida yetkazib berilgan tibbiy uskunalar, istisno tariqasida, davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan, bojxona qonunchiligi qoidalariga rioya etgan holda, majburiy sertifikatlash sharti bilan bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutining klinikasini elektr energiyasi, suv taʼminoti, kanalizatsiya tizimi va loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa qoʻshimcha qulayliklar bilan taʼminlasin;
tibbiy uskunalar sifatli saqlanishini, ulardan toʻgʻri va samarali foydalanilishini hamda loyiha yakunlanganidan soʻng grant doirasida taqdim etilgan tibbiy uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish hamda tegishli hajmda mablagʻ ajratgan holda ulardan toʻgʻri va samarali foydalanishni taʼminlasin;
Yaponiya Hukumati granti hisob-kitoblari doirasida xizmat koʻrsatuvchi Yaponiyaning vakolatli banki foydasiga belgilangan shaklda kafolat xati (Acknowledgement letter) taqdim qilsin;
“Oʻzmilliybank” AJ bilan birgalikda Yaponiya Hukumati grantidan samarali foydalanish maqsadida agentlik bitimi doirasida tegishli buyurtmanoma taqdim etilgandan soʻng besh ish kuni ichida Yaponiya vakolatli bankining vositachilik xarajatlari toʻlab berilishini taʼminlasin.
Bunda, “Oʻzbekiston mehr-shafkat va salomatlik” jamoat fondiga loyihani amalga oshirish doirasida Yaponiya vakolatli bankining vositachilik xarajatlarini ushbu fond mablagʻlari hisobidan qoplab berish tavsiya etilsin.
4. Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tibbiy uskunalarni tegishli mebellar bilan taʼminlash, shu jumladan kompyuter tomografini oʻrnatish uchun zarur boʻlgan radiatsiyadan himoya qiluvchi ishlarni bajarish maqsadida jami 43 000 AQSh dollariga teng boʻlgan mablagʻlar hamda uskunalarni kafolat muddati tugaganidan soʻng, tashkilotning smeta xarajatlarida nazarda tutiladigan texnik xizmat koʻrsatish uchun mablagʻlarni sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan ajratilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha:
Tashqi ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini;
Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda jalb qilinayotgan chet el fuqarolariga belgilangan tartibda koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini va uning muddatini uzaytirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 15-dekabr,
707-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2022-y., 09/22/707/1093-son)