Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2021-yil 17-dekabr kuni Seul shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasida kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi javob choralarini koʻrishda hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan masʼul boʻlgan vakolatli organlar etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi ushbu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar toʻgʻrisida Koreya tomoniga tegishli bildirishnomani yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-oktabr,
PQ-406-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2022-y., 07/22/406/0948-son)