Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi faoliyatini moliyalashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2022/2023 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi faoliyati uzluksizligini taʼminlash, boshqaruv kadrlari malakasini oshirish dasturlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni tashkil etish, professor-oʻqituvchilar qoʻnimsizligining oldini olish hamda taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2022/2023 oʻquv yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) magistraturasiga qabul amalga oshirilmaganligi tufayli joriy yilning sentyabr — dekabr oylari davomida professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamalarining kamayganligi;
Akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan 2022/2023 oʻquv yilida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ular uchun qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq faoliyat amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Akademiya va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining:
a) 2022/2023 oʻquv yili davomida Akademiyada 2021/2022 oʻquv yilida shakllangan 35 ta professor-oʻqituvchilar shtat birliklarini saqlab qolish;
b) professor — oʻqituvchilarning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni:
2022-yil sentyabr — dekabr oylari uchun Akademiyaning 2022-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasidagi budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirish;
2023/2024 oʻquv yiliga qadar esa Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yilga tasdiqlangan Davlat budjeti parametrlarida Akademiya uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan toʻliq moliyalashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki:
Akademiya professor-oʻqituvchilarining 2022-yil sentyabr — dekabr oylarida ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni Akademiyaning 2022-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida budjet mablagʻlari hisobidan;
2023/2024 oʻquv yiliga qadar esa 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Akademiya uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan toʻliq moliyalashtiriladi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-oktabr,
597-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/597/0926-son)