O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida Tamshush suv inshootlaridan foydalanish direksiyasini tashkil etish to‘g‘risida
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani tog‘ oldi hududlarida yangi o‘zlashtiriladigan yerlarda suv ta’minotini yaxshilash, Tamshush daryosidan tortilgan suv quvurlari, irrigatsiya inshootlari va boshqa asosiy vositalardan samarali foydalanish, shuningdek, yangi o‘zlashtiriladigan yerlarda kartoshka va sabzavot ekinlari tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “2021-2022-yillarda Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va infratuzilmani yanada yaxshilashga doir tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 2-avgustdagi 479-son qaroriga muvofiq:
Shahrisabz tumani tog‘ oldi hududlarida jami 3,2 ming gektar lalmi va yaylov yerlarni o‘zlashtirish uchun respublika budjeti mablag‘lari hisobidan “O‘zsuvqurilish” AJning huzuridagi “O‘zgidrotexnik” MChJ tomonidan 16,0 km polietilin va 10,5 km metall quvurlar yotqizilganligi, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari uchun 3 ta suv tindirgich hovuzlar barpo qilinganligi hamda vaqtincha 9,0 km yo‘l qurilganligi;
yangi o‘zlashtiriladigan yer maydonlari hisobidan Shahrisabz tumanining tog‘ oldi hududlaridagi “G‘elon”, “Ko‘l”, “Hisorak”, “Sayyod”, “Suvtushar”, “Boshqop”, “Sarchashma”, “Beshbek” va “Ammog‘on” qishloqlarida kooperatsiya asosida kartoshka va sabzavot ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Qashqadaryo viloyati hokimligining:
Shahrisabz tumanining tog‘ oldi hududlaridagi yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari uchun Tamshush daryosidan tortilgan suv quvurlari, irrigatsiya inshootlari va boshqa asosiy vositalardan (keyingi o‘rinlarda — obyekt) samarali foydalanish, iste’molchilarga suvni yetkazib berish, suvni to‘g‘ri taqsimlash ishlarini amalga oshirish maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi muassisligida “Tamshush suv inshootlaridan foydalanish direksiyasi” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) tashkil etish;
obyektni operativ boshqaruv huquqi asosida Direksiyaga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
obyekt butligini saqlash va undan samarali foydalanishni ta’minlash;
obyektga tog‘dan ko‘chki, sel, tosh va boshqa tog‘ jinslari tushishidan himoyalash uchun zarur himoya vositalarini o‘rnatish choralarini ko‘rib borish;
suvni yetkazib berish, hududlarda sug‘orish tizimini yaxshilash va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
obyektni samarali foydalanish hamda zaruratga ko‘ra, qo‘shimcha inshootlar va texnikalar bilan ta’minlash, iste’molchilarga urug‘lik kartoshkalar yetkazib berish;
suv iste’molchilari tomonidan o‘rnatilgan asbob-uskunalardan samarali foydalanilishini nazorat qilib borish;
asosiy vositalar va asbob-uskunalar holatini doimiy monitoring qilib borish.
4. Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi “O‘zsuvqurilish” AJ bilan birgalikda obyektni ishga tushirish dalolatnomasiga asosan belgilangan tartibda foydalanish uchun ruxsatnoma olinishini ta’minlasin.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
Direksiyaning ta’sis hujjatlari tasdiqlanishi va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;
Direksiyani saqlash, faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan jihoz va texnikalar bilan ta’minlash maqsadida Direksiyaning ustav kapitalini shakllantirish uchun Davlat aktivlari agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) hisobidan 7 mlrd so‘m ajratilishini ta’minlasin.
6. Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Shahrisabz tumani tog‘ oldi hududlarida yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlarini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
7. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
2024-yil 1-martdan boshlab yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori talablari asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga beriladi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-apreldagi 237-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 09/24/237/0303-son)
Direksiya ustav kapitalini shakllantirish uchun berilgan mablag‘lar hisobidan qishloq xo‘jalik texnika vositalarini sotib olib, o‘zining mashina-traktor parkini shakllantiradi;
Direksiya faoliyati suv iste’molchilariga suv yetkazib berish va ko‘rsatilgan suv xo‘jaligi xizmatlaridan tushgan mablag‘lar, Jamg‘arma mablag‘lari, shuningdek, bo‘sh mablag‘larni tijorat banklarga depozitga qo‘yishdan olinadigan daromadlar, xalqaro moliya institutlarining kreditlari va grantlari, bank kreditlari, homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Direksiya Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani “Hisorak” MFYdagi Hisorak qishlog‘ida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabining o‘quvchilar turar joyi binosining bo‘sh turgan qismiga vaqtincha tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilishini ta’minlasin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-maydagi 282-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-sentabr,
517-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2022-y., 09/22/517/0838-son; 27.04.2024-y., 09/24/237/0303-son, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)