Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Taʼsirchan soliq mexanizmini qoʻllash natijasida hosil boʻlgan soliq qarzini hisobdan chiqarish toʻgʻrisida
Joriy yilning 22-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining soliq yukini kamaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyundagi “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-162-son Farmoniga muvofiq 2022-yil 1-iyuldan boʻsh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish obyektlariga (foydalanilmayotgan obyektlar) hamda ushbu obyektlar bilan band boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining oshirilgan stavkalarini qoʻllash, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini toʻxtatish tartibi (taʼsirchan soliq mexanizmi) bekor qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, foydalanilmayotgan obyektlar mulkdorlariga nisbatan oshirilgan stavkalarda qoʻllanilgan taʼsirchan soliq mexanizmi natijasida hosil boʻlgan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha:
mavjud soliq qarzi hisobdan chiqariladi;
soliq qarzini undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi.
3. Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi:
bir oy muddatda 2022-yil 1-iyuldan mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar boʻlgan davrda taʼsirchan soliq mexanizmini qoʻllash natijasida undirilgan soliq summalarini kelgusi toʻlovlar hisobiga belgilangan tartibda tegishli obyekt mulkdorlariga qaytarilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov va Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-sentabr,
PF-218-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2022-y., 06/22/218/0807-son)