Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalq taʼlimi vazirligi tizimida Oʻquvchi-yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlash markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻquvchi-yoshlarda zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, taʼlim va ishlab chiqarish tarmoqlari oʻrtasida integratsiyani yoʻlga qoʻyish, maktab bitiruvchilariga zamonaviy kasb-hunar egallashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligining Zomin tumanidagi 60-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi (keyingi oʻrinlarda — Maktab) huzurida davlat maktabdan tashqari taʼlim muassasasi shaklida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Oʻquvchi-yoshlarni kelajak kasblariga tayyorlash markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari uchun kelajak kasblariga yoʻnaltiruvchi toʻgaraklar faoliyatini tashkil etish;
oʻquvchi-yoshlarning boʻsh vaqtlaridan unumli va maqsadli foydalanish, ularning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish, zamonaviy fanlarni chuqur oʻrgatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
oʻquvchi-yoshlarda mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalarini, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash, axborot makonidagi turli tahdidlarga nisbatan sogʻlom immunitetni hosil qilish;
oʻquvchi-yoshlarning mustaqil tashabbus va shaxsiy gʻoyalarini ilgari surish, hayotiy pozitsiyaga ega boʻlishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan mahorat darslarini hamda madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish.
3. Markaz xodimlarining umumiy cheklangan soni 30 nafar (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) etib belgilansin.
Bunda Markazga Jizzax viloyati Zomin tumani Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Maktab direktorining kasbga yoʻnaltirish boʻyicha oʻrinbosari — Markaz direktori rahbarlik qiladi.
4. Belgilansinki:
Markaz direktorining bazaviy tarif stavkasi Xalq taʼlimi muassasalari rahbar xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlarining “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasiga muvofiq;
toʻgarak rahbarining bazaviy tarif stavkasi Xalq taʼlimi muassasalari pedagog xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlarining “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak rahbarining bazaviy tarif stavkasiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Quyidagilar Markazni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublika Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
bir oy muddatda Markaz tuzilmasini, ustavini, xodimlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Markazni malakali mutaxassislar, zarur oʻquv-uslubiy adabiyotlar hamda tegishli jihozlar bilan bosqichma-bosqich taʼminlasin va yangilab borsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-avgustga qadar toʻgaraklarda oʻrgatiladigan kasb-hunarlarning oʻquv rejasi va dasturlarini tasdiqlasin;
toʻgaraklarga yoʻnalishlar boʻyicha malakali mutaxassislarni biriktirish choralarini koʻrsin;
oʻquvchi-yoshlar uchun toʻgaraklar yoʻnalishlari boʻyicha tashkilotlarga amaliy ekskursiyalarni tashkil etsin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, 2022-yil 1-sentabrdan boshlab Markaz direktori va toʻgarak rahbarlarining mehnati ularning faoliyat samaradorligini baholash mezonlari (KPI) asosida direktor jamgʻarmasi hamda Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xalq taʼlimi sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har oyda qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov hamda Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-iyul,
390-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2022-y., 09/22/390/0649-son)