Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xiva restavratsiya maktabini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash, shuningdek, YUNESKO koʻmagida moddiy madaniy meros obyektlarida asrashga doir ishlarni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 183.4-bandiga muvofiq Xiva shahrida YUNESKO koʻmagida restavratsiya maktabini tashkil etish hamda ushbu maktabda malakali mutaxassislar tayyorlash uchun xorijdan ham yetakchi ekspertlarni jalb qilish belgilanganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2021-yil 6-apreldagi PQ-5054-son qarorining 15-bandiga muvofiq “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) va bosqichma-bosqich uning davlat muassasasi shaklida Xiva, Samarqand, Buxoro, Termiz, Shahrisabz va Qoʻqon shahar mintaqaviy markazlari tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Direksiyaning Xiva shahar mintaqaviy markazida (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yuridik shaxs boʻlmagan Xiva restavratsiya maktabi (keyingi oʻrinlarda — Maktab) tashkil etilsin.
Maktab faoliyati belgilangan tartibda YUNESKO va uning maslahatlashuv organlari hisoblangan Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashi (IKOMOS) hamda Madaniy boyliklarni asrash va restavratsiya qilish xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM) bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar Maktabning asosiy vazifalari etib belgilansin:
moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari sohasidagi restavrator-ustalar va boshqa mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, malaka oshirish kurslariga mahalliy va chet ellik mutaxassislar, shu jumladan, Direksiyaning malakali mutaxassis va ekspertlarini jalb etish boʻyicha Markazga takliflar kiritish;
asrashga doir ishlarda “ustoz-shogird” anʼanalarini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarni olib borish, shuningdek, sohaga yangi usul, material va texnologiyalar, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini tatbiq etish boʻyicha ilmiy-amaliy asoslangan takliflar tayyorlash;
malaka oshirish kurslarining tinglovchilarida amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish hamda ular ishtirokida moddiy madaniy meros obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishni tashkil qilishda koʻmaklashish;
asrashga doir ishlar sohasida mahalliy va chet ellik ekspertlar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar, anjuman va boshqa tadbirlar tashkil etish, shuningdek, uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish va eng yaxshi tajribalarni ommalashtirishda ishtirok etish.
4. Belgilansinki:
a) Markaz direktori bir vaqtning oʻzida Maktab rahbari hisoblanadi hamda belgilangan tartibda Direksiya direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
b) Maktab moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshiradi hamda ushbu Maktabda malaka oshirish ishlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-apreldagi 166-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda, Maktabning restavrator-ustalarni malakasini oshirishidan tushadigan mablagʻlar Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) (vakolatli organ) orqali toʻliqligicha Markazning hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi;
v) Maktab tinglovchilari uchun oʻquv mashgʻulotlari, shu jumladan, malaka amaliyoti, qoida tariqasida, sohadagi yetakchi loyihalash tashkilotlari, restavratsiya-tiklash ustaxonalari hamda asrashga doir ishlar amalga oshirilayotgan obyektlarda bevosita tashkil etiladi;
g) Maktab oʻz faoliyatini belgilangan tartibda:
YUNESKO;
Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashi (IKOMOS);
Madaniy boyliklarni asrash va restavratsiya qilish xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM);
Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha tashkil qilingan Xalqaro maslahat qoʻmitasi;
Agentlik, shu jumladan uning Ilmiy-ekspert kengashi;
“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti;
Toshkent arxitektura-qurilish instituti;
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti;
Samarqand arxitektura-qurilish instituti hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslar bilan hamkorlikda tashkil etadi.
Agentlik hamda Oʻzbekistonda madaniy meros masalalari boʻyicha tashkil qilingan Xalqaro maslahat qoʻmitasiga Maktabning restavrator-ustalarni malakasini oshirish, ularga mahalliy va chet ellik mutaxassis-ekspertlarni jalb etish boʻyicha takliflarini koʻrib chiqish va ularni inobatga olib borish tavsiya etilsin.
5. Quyidagilar Maktab faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Agentlikning budjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari;
restavrator-ustalarni malakasini oshirishidan Agentlikka tushadigan mablagʻlar;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturlarida nazarda tutilgan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Markaz bir oy muddatda Maktabning tuzilmasi va nizomini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
7. Agentlik Markazning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq YUNESKO va uning tuzilmalari, Yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish xalqaro kengashi (IKOMOS), Madaniy boyliklarni asrash va restavratsiya qilish xalqaro tadqiqot markazi (IKKROM) tomonidan tavsiya etilgan chet ellik yetakchi ekspertlarni jalb etish va ular tomonidan mashgʻulotlar oʻtkazish, shuningdek, mahalliy restavrator-ustalar va mutaxassislarni ilgʻor xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlarga malaka oshirish va stajirovka oʻtashga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun budjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda mablagʻ ajratib borilishini tashkil qilsin.
8. Agentlik:
a) budjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasi mablagʻlari doirasida hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Maktab faoliyatini samarali tashkil etish uchun zamonaviy jihozlar asosida uning moddiy-texnik bazasini shakllantirsin hamda oʻquv-uslubiy adabiyotlar, laboratoriya jihozlari, kompyuter toʻplamlari va oʻquv mashgʻulotlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda zarur boʻladigan vositalar bilan taʼminlasin;
b) Markazga Xorazm viloyati, Xiva shahri, Ichan qalʼa, Zargarlar koʻchasi Amir Toʻra madrasasi binosi tekin foydalanish huquqi asosida berilsin hamda unda namunali asrashga doir ishlarni namoyish qilish, amaliy koʻrgazmalar oʻtkazish, yangi ekspozitsiyalar yaratish hamda turistlar tomonidan asrashga doir ishlarni toʻgʻridan toʻgʻri kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratsin;
v) Xorazm viloyati hokimligi, Qurilish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya, Fanlar akademiyasi, Xorazm Maʼmun akademiyasi bilan birgalikda:
Maktabning respublika va xorijdagi restavratsiya markazlari, ilmiy laboratoriyalar bilan yaqin hamkorlik qilishini hamda uning faoliyatini samarali tashkil etishini taʼminlasin;
Maktabga mahalliy va chet ellik malakali mutaxassislar, restavrator-ustalarni mashgʻulotlar oʻtish, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda masofadan turib mashgʻulotlar oʻtish ishlariga belgilangan tartibda jalb etib borsin;
g) 2023-yil 1-mayga qadar Direksiyaning Samarqand, Buxoro, Termiz, Shahrisabz va Qoʻqon shahar mintaqaviy markazlarida restavratsiya maktablarini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. Maktab Xorazm viloyati, Xiva shahri, Oxunboboyev koʻchasi 48-uy manzilidagi Xiva turizm texnikumi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov hamda Xorazm viloyati hokimi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-iyul,
380-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2022-y., 09/22/380/0624-son)