Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Gumanitar yordam koʻrsatish boʻyicha Xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabini tashkil etish choralari toʻgʻrisida
Bugungi kunda zudlik bilan yechimini kutayotgan va jahon hamjamiyati tomonidan oʻzaro muvofiqlashgan harakatlarni talab etayotgan oʻta muhim xalqaro masalalardan biri Afgʻoniston va boshqa davlatlardagi gumanitar muammolarni hal etishdir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tomonidan Afgʻoniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordamning tizimli asosda, markazlashtirilgan va maqsadli yetkazilishini taʼminlash hamda buning uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Surxondaryo viloyatida xalqaro yuk tashishlarda keng koʻlamli transport-logistika xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “Termez Cargo Centre” MCHJ faoliyat yuritayotganligi;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bugungi kunda “Termez Cargo Centre” MCHJning infratuzilma imkoniyatlaridan Afgʻoniston va boshqa davlatlarga belgilangan tartibda gumanitar yordam koʻrsatishda faol foydalanayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Termez Cargo Centre” MCHJning ushbu jamiyatga Afgʻoniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam koʻrsatish boʻyicha xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabi (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro xab) maqomini berish hamda quyidagi qoʻshimcha vazifalarni yuklash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
gumanitar yordam koʻrsatish maqsadida Xalqaro xabdan foydalanayotgan manfaatdor xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan Afgʻoniston va boshqa davlatlarga yuborilayotgan gumanitar yordamni havo, temir yoʻl va avtomobil transportidan foydalangan holda belgilangan tartibda qabul qilish, saqlash va joʻnatishni taʼminlash;
yuklash-tushirish ishlari, yuklarni tashish va saqlashni oʻz ichiga olgan kompleks transport-logistika xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga rioya etish.
3. Belgilansinki, “Termez Cargo Centre” MCHJning Termiz xalqaro savdo markazi ishtirokchilari reyestriga kiritilganligini hisobga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6109-son Farmoniga muvofiq Xalqaro xab hududida:
bojxona, soliq, sertifikatlashtirish, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank xizmatlari, valyuta ayirboshlash va mobil aloqa xizmatlari, shuningdek, tibbiy va mehmonxona xizmatlari, avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va boshqa xizmatlar “yagona darcha” tamoyili boʻyicha va interaktiv shaklda yoʻlga qoʻyiladi;
Afgʻoniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam sifatida yuborilayotgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtayotganda ushbu tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi ustuvor va soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti agentlarining Afgʻoniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam sifatida yuborilayotgan tovarlari bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda, zaruratga koʻra Tashqi ishlar vazirligining tasdigʻi asosida, bojxona yigʻimlarini toʻlashdan ozod etiladi;
gumanitar yuklarning xususiyati bojxona organlari tomonidan tovar yoʻl yuk hujjatlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan taqdim etilgan xat asosida tasdiqlanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli Farmoniga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)
4. Tashqi ishlar vazirligi:
xalqaro hamjamiyatni Oʻzbekiston Respublikasida Xalqaro xab tashkil etilganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilsin;
Xalqaro xabdan foydalanayotgan xalqaro tuzilmalar va xorijiy davlatlar vakillarining Oʻzbekiston Respublikasiga kirish boʻyicha arizalari va murojaatlariga oid hujjatlar oʻz vaqtida va tezkor koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 21-iyun,
PQ-288-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.06.2022-y., 07/22/288/0546-son; 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)