Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili lavozimini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining samarali davom ettirilishini taʼminlash, xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatimizning xalqaro maydonda nufuzi va obroʻsini yanada oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmasiga amaldagi shtat birliklari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili (keyingi oʻrinlarda — Maxsus vakil) lavozimi kiritilsin.
2. Quyidagilar Maxsus vakilning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarining samarali ilgari surilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha aniq takliflar kiritish;
global va mintaqaviy muammolar, tashqi siyosat masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi pozitsiyasini yetkazish maqsadida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari bilan doimiy ishchi aloqalarini oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining alohida topshiriqlariga asosan tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha maxsus missiyalarni bajarish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlar va uchrashuvlarni tayyorlashda koʻmaklashish.
3. Belgilansinki:
Maxsus vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Maxsus vakil maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
4. Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Maxsus vakilning faoliyati samarali amalga oshirilishida har tomonlama koʻmaklashish vazifasi yuklatilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining shtatlar jadvaliga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
6. Adliya vazirligi bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-iyun,
PF-155-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2022-y., 06/22/155/0529-son)