Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“IT-Park University” raqamli universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Oʻzbekistonda masofaviy taʼlimga asoslangan IT-taʼlimni oʻqitishga moʻljallangan raqamli universitetni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) bilan “Epam Systems” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi oʻrtasida “IT-Park University” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish boʻyicha 2022-yil 21-yanvarda shartnoma imzolanganligi;
mazkur shartnomada “Epam Systems” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonaning huquq va majburiyatlarini “YERAM Global Campus” LLC (AQSh)ga oʻtkazish boʻyicha 2022-yil 30-aprelda Direksiya, “Epam Systems” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona va “YERAM Global Campus” LLC (AQSh) oʻrtasida qoʻshimcha kelishuv imzolanganligi;
qoʻshimcha kelishuvga muvofiq “IT-Park University” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2 mln AQSh dollariga teng boʻlgan miqdordagi ustav kapitalini shakllantirish, bunda ustav kapitalning 70 foiz ulushida “YERAM Global Campus” LLC (AQSh), 30 foiz ulushida esa Direksiya ishtirok etishi boʻyicha kelishib olinganligi;
“IT-Park University” masʼuliyati cheklangan jamiyatini taʼsischilarning oʻzaro kelishuviga muvofiq Toshkent shahar, Maxtumquli koʻchasi 1 A-uy manzilda joylashtirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Direksiya hamda “YERAM Global Campus” LLC (AQSh) ning masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “IT-Park University” (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Universitetning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish sohalari boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlash;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
Universitet oʻquv jarayonini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida tashkil etish hamda ochiq axborot-taʼlim muhitining rivojlanishiga koʻmaklashish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, dasturiy mahsulot ishlab chiquvchi va boshqa korxonalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari isteʼmolchilari bilan hamkorlik qilish;
taʼlimning tegishli yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish, talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Universitet masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi axborot texnologiyalari sohalari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi;
Universitetda taʼlim faoliyati 2022/2023 oʻquv yilidan boshlanadi hamda talabalarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Universitetda taʼlim jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi;
Universitetda oʻqitish axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda masofaviy taʼlim shaklida olib boriladi, shuningdek, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq boshqa taʼlim shakllarida ham amalga oshirilishi mumkin;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet tomonidan belgilangan namunadagi diplom beriladi;
Universitet bosh direktori, rektor va prorektorlari Universitet Ustavida belgilangan tartibda tayinlanadi;
Universitetga taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan litsenziya berilgandan soʻng ruxsat etiladi.
5. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlarini hamda talabalarni oʻqitish uchun toʻlov-kontrakt summasini belgilash;
taʼlim tili hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun oʻqish davomiyligi muddatlarini belgilash;
Universitetga talabalarni qabul qilish va ularni yakuniy attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilash;
talabalar oʻqishini boshqa oliy taʼlim tashkilotlaridan Universitetga koʻchirish tartibini belgilash;
axborot texnologiyalari sohasida kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, taʼlimning yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarni belgilangan tartibda ochish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish;
pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash.
6. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda Universitetga taʼlim faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berilishida, istisno tariqasida, quyidagi shartlar nazarda tutilsin:
taʼlim tashkilotining bino yoki xonalariga qoʻyiladigan talablarni Universitet tomonidan mustaqil ravishda belgilanishi;
ilmiy daraja va (yoki) ilmiy unvonga ega boʻlgan oʻqituvchilar sonini hisoblashda, Universitet bilan shartnomaviy munosabatlarda (mehnat shartnomasi, oʻrindoshlik, fuqarolik-huquqiy shartnoma boʻyicha), shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasidan yoki xorijiy davlatlardan masofadan oʻqitadigan barcha Universitet oʻqituvchilari qabul qilinishi;
bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan Universitet talabalarining maksimal soni 50 kishidan oshmasligi;
ilmiy daraja va (yoki) ilmiy unvonga ega boʻlgan oʻqituvchilarning ulushi kamida 30 foizni tashkil etishi;
Universitetning asosiy shtat birligida professor-oʻqituvchilarning minimal ulushi 30 foizni tashkil etishi;
oʻquv yilining birinchi yarmi uchun oʻquv kontentining mavjudligi (bunda oʻquv yilining ikkinchi yarmi uchun oʻquv kontenti ikkinchi yarim oʻquv yili boshlanishidan bir oy oldin tayyorlanadi).
7. Ichki ishlar vazirligi Universitet buyurtmanomalariga asosan Universitetda ishlash uchun jalb qilinadigan xorijiy oʻqituvchilar va boshqa mutaxassislarga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda belgilangan tartibda Universitetning ustavi tasdiqlanishini va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-iyun,
297-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2022-y., 09/22/297/0471-son)