Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Namangan viloyatida 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Aholi salomatligini muhofaza qilish, sil kasalligiga chalingan bemorlarga oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli tibbiy yordam koʻrsatish, ftiziatriya yordamini yanada yaxshilash hamda ftiziatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Respublika hududlarida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 20-maydagi 306-son qaroriga muvofiq Namangan viloyatining Pop tumanida maxsus shifoxona va vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Namangan viloyati hokimligining:
Chust tumani silga qarshi kurash dispanseri (80 oʻrinli), Mingbuloq tumani 2-viloyat sil kasalliklari shifoxonasi (120 oʻrinli), viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazining bolalar boʻlimini (70 oʻrinli) Pop tumanida joylashgan maxsus shifoxonaga koʻchirish;
Namangan viloyatining, Pop tumanida 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasini (keyingi oʻrinlarda — 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasi) tashkil etish;
Pop tumanining, Gʻurumsaroy qishlogʻidagi, “Mirishkor” mahallasida joylashgan maxsus shifoxonaning bino va inshootlarini 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Namangan viloyati hokimligi oʻn kun muddatda Pop tumanining Gʻurumsaroy qishlogʻidagi “Mirishkor” mahallasida joylashgan maxsus shifoxonaning bino va inshootlarini 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasiga belgilangan tartibda oʻtkazsin.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
bir oy muddatda 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasi tuzilmasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2-viloyat ftiziatriya shifoxonasini kelgusida zamonaviy tibbiy jihozlar va malakali kadrlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasini saqlash xarajatlarining smetasi va shtatlar jadvalini belgilangan tartibda koʻrib chiqib, roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin, kelgusi yildan boshlab ushbu shifoxonani saqlash va jihozlash bilan bogʻliq xarajatlarni respublika budjeti parametrlarini tasdiqlashda nazarda tutsin;
Namangan viloyati hokimligi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda maxsus shifoxonaning bino va inshootlari 2-viloyat ftiziatriya shifoxonasiga belgilangan tartibda berilgandan soʻng kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda Chust tumani silga qarshi kurash dispanseri (80 oʻrinli), Mingbuloq tumani 2-viloyat sil kasalliklari shifoxonasi (120 oʻrinli) hamda viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazining bolalar boʻlimi (70 oʻrinli) koʻchirilishi munosabati bilan boʻshaydigan bino va inshootlardan kelgusida maqsadli foydalanish choralarini koʻrsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev va Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-iyun,
289-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 09/22/289/0463-son)