Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Namangan va Fargʻona viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish boʻyicha maktabgacha taʼlim klasterlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarining kasbiy bilimi, koʻnikmalari va mahoratini uzluksiz rivojlantirib borishning yangi tizimini tajriba-sinovdan oʻtkazish, shuningdek oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Namangan va Fargʻona viloyati hokimliklarining Namangan va Qoʻqon shaharlarida tajriba-sinov tariqasida maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish boʻyicha yuridik shaxs boʻlmagan maktabgacha taʼlim klasterlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
a) Namangan maktabgacha taʼlim klasteri Namangan davlat universiteti, Namangan pedagogika kolleji va Namangan shahridagi 60-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti;
b) Fargʻona maktabgacha taʼlim klasteri Qoʻqon universiteti, Qoʻqon pedagogika kolleji va Qoʻqon shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining oʻzaro hamkorligi toʻgʻrisidagi shartnoma asosida tashkil etiladi;
v) tajriba-sinov davrida malaka oshirish kurslarining umumiy davomiyligi 36 soatni tashkil etadi;
g) tajriba-sinov uch oy davomida oʻtkaziladi;
d) maktabgacha taʼlim klasterlarida Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Maktabgacha taʼlim vazirligining Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda, Maktabgacha taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirish uchun sarflangan oʻrtacha xarajatdan kelib chiqib, bir nafar tinglovchi uchun toʻlanadigan mablagʻ miqdori belgilanadi hamda tegishli mablagʻlar hisob-kitoblar asosida Namangan davlat universiteti va Qoʻqon universitetiga Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan tuzilgan shartnoma asosida oʻtkazib beriladi;
e) maktabgacha taʼlim klasterlari doirasida:
Maktabgacha taʼlim vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish jarayonlarini tashkil etadi;
Namangan davlat universiteti, Qoʻqon universiteti — malaka oshirish kurslariga professor-oʻqituvchilarni va xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi, taʼlim-tarbiya jarayonini metodik taʼminlaydi, dars jadvallarini tuzadi, oʻquv jarayoni sifati boʻyicha joriy nazoratni olib boradi, tegishli kafedralarni klasterlarning oʻquv-meʼyoriy va ilmiy-metodik faoliyatiga masʼul etib belgilaydi, kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga belgilangan davlat namunasidagi sertifikatlarni beradi;
Qoʻqon va Namangan pedagogika kollejlari — malaka oshirish kurslari oʻquv jarayonini olib borishga oʻqitishning zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlangan auditoriyalarni ajratadi, kollejning moddiy-texnik bazasidan oʻquv jarayonida foydalanish imkoniyatlarini taqdim etadi hamda taʼlim jarayoniga milliy rux va vatanparvarlik gʻoyalarini singdiradi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari — malaka oshirish kurslarining oʻquv rejasida belgilangan amaliy mashgʻulotlar uchun tajriba maydonchasini tashkil etadi.
3. Namangan viloyati va Fargʻona viloyati hokimliklari Namangan pedagogika kolleji hamda Qoʻqon pedagogika kolleji hududlarini obodonlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy va transport infratuzilmasini yaxshilash, shuningdek kollejlar bino va inshootlari moddiy — texnik bazasini mustahkamlash, ularni zarur oʻquv adabiyotlari va taʼlim vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
4. Maktabgacha taʼlim vazirligining Namangan va Fargʻona viloyatlarining chekka hududlaridagi davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari uchun sayyor malaka oshirish kurslarini oʻtkazish maqsadida Maktabgacha taʼlim vazirligining Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2 ta “Mobil metodik yordam avtobuslari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
“Oʻzavtosanoat” AJga Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida “Mobil metodik yordam avtobuslari”ni jihozlash ishlarini amalga oshirish tavsiya etilsin.
5. Maktabgacha taʼlim vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Namangan viloyati hokimligi, Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabriga qadar tajriba-sinov natijalarini hisobga olgan holda ijobiy tajribani respublikaning boshqa hududlariga bosqichma-bosqich tatbiq etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-may,
268-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2022-y., 09/22/268/0432-son)