Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Navoiyazot” AJ negizida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan kimyo-texnologik klasteri uchun issiqlik va quyosh elektr stansiyalarini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Toʻgʻridan-toʻgʻri davlat kafolatisiz xorijiy investitsiyalar hisobidan “Navoiyazot” AJ negizida tashkil etiladigan kimyo-texnologik klasteri uchun muqobil energiya taʼminoti tizimini yaratish va kimyo tarmogʻi korxonalarini ishonchli elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Navoiyazot” AJ negizida tashkil etiladigan kimyo-texnologik klasteri uchun issiqlik va quyosh elektr stansiyalarini qurish loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish doirasida:
2021-yil noyabr oyida “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Electricite de France S.A.” (Fransiya), “Stone city InSolar B.V” (Niderlandiya) va “Siemens energy global GmbH&Co.KG” (Germaniya) kompaniyalari (keyingi oʻrinlarda — xususiy sherik) oʻrtasida loyiha uchun texnik yechimlarni ishlab chiqish va tahlil oʻtkazish boʻyicha asosiy shartlar toʻgʻrisida bitim imzolanganligi;
xususiy sherik tomonidan loyihani amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida maxsus loyiha kompaniyasi tashkil etilishi (keyingi oʻrinlarda — loyiha kompaniyasi) maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
loyiha xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik asosida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi;
loyiha doirasida davlat sherigi sifatida “Oʻzkimyosanoat” AJ ishtirok etadi;
loyiha kompaniyasi va davlat sherigi oʻrtasida davlat-xususiy sheriklik bitimi hamda Moliya vazirligi oʻrtasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida bitim imzolanadi;
“Oʻzkimyosanoat” AJ, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va Moliya vazirligi loyihani amalga oshirishda davlat sherigi manfaatlarini himoya qilish maqsadida ikki hafta muddatda eng yaxshi takliflarni tanlash orqali yuridik konsultantni jalb qiladi.
Bunda mazkur konsultantlar uchun xarajatlar xususiy sherik tomonidan qoplanadi.
3. “Oʻzkimyosanoat” AJ 2022-yil:
20-mayga qadar loyihaning yakuniy parametrlariga aniqlik kiritish orqali texnik-texnologik va moliyaviy-iqtisodiy jihatdan eng maqbul yechimlar ishlab chiqilishi;
5-iyunga qadar xususiy sherik tomonidan loyiha konsepsiyasi va loyihani baholash hujjati ishlab chiqilishi;
5-iyulga qadar loyiha konsepsiyasi va loyihani baholash hujjatlarining xalqaro konsultantlar va Agentlik bilan kelishilishi;
20-iyulga qadar loyiha konsepsiyasi tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi;
1-avgustga qadar xalqaro konsultantlar, Agentlik, Energetika vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik bitimi va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida bitim loyihalari tayyorlanishi;
20-avgustga qadar xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida bitim loyihalari kelishilishi;
1-sentabrga qadar loyiha doirasida ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasining xarid qilinishini inobatga olingan holda davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolanishini taʼminlasin.
4. Moliya vazirligi “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar loyiha doirasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida bitim imzolanishini taʼminlasin.
5. “Oʻzkimyosanoat” AJ Moliya vazirligi va Energetika vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar loyihani amalga oshirish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Geologiya, energetika, sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirishi masalalari boʻyicha maslahatchisi — Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-may,
240-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2022-y., 09/22/240/0393-son)