Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Jizzax viloyatida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari hududida tabiatni muhofaza qilish, tabiiy hududlar egallagan yerlar va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududning ekologik holatini yanada yaxshilash hamda ekoturizmni rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan samarali nazoratni tashkil etish, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan yerlarning oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi va ularda noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olish maqsadida:
1. Bosh prokuratura, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Bosh prokuratura tizimida 8 nafar shtat birligidan iborat boʻlgan Zomin tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat va yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish boʻyicha ixtisoslashtirilgan prokuraturani (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashtirilgan prokuratura) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, ixtisoslashtirilgan prokuratura shtat birliklari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining tegishincha 4 nafardan shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.
2. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan prokuraturaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari hududlarida (keyingi oʻrinlarda — tumanlar hududi) tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar, oʻrmon va suv fondi yerlari, shu jumladan Zomin milliy tabiat bogʻi va Zomin davlat qoʻriqxonasi yerlaridan oqilona foydalanish hamda bunday yerlarni muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan doimiy nazoratni oʻrnatish;
tumanlar hududidagi tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlarning oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi hamda ularda noqonuniy qurilmalar qurilishining oldini olish boʻyicha doimiy choralar koʻrib borish;
tumanlar hududidagi oʻrmon va suv fondi yerlaridan maqsadli hamda samarali foydalanilishi ustidan doimiy monitoring olib borish;
tumanlar hududida tabiatni, yer osti boyliklarini, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan qatʼiy prokuror nazoratini oʻrnatish;
“Zomin” turistik-rekreatsion zonasi hududining ekoturizm salohiyatini yanada rivojlantirish, turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yangi turizm yoʻnalishlarini tashkil etish, turistlar oqimini yanada koʻpaytirish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishiga koʻmaklashish;
sohada qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish choralarini koʻrish.
3. Moliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda prokuratura organlarining tegishli xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritsin.
4. Bosh prokuratura bir oy muddatda:
Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan prokuraturaning Zomin tumani hududida joylashtirilishini va zarur moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishini taʼminlasin;
mazkur qaror talablaridan kelib chiqib ixtisoslashtirilgan prokuraturaning shtat tuzilmasini tasdiqlasin;
ixtisoslashtirilgan prokuraturani tabiatni muhofaza qilish, yer va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududning ekologik holatini yanada yaxshilash hamda ekoturizmni rivojlantirish muammolari bilan ishlash tajribasiga ega hamda yuklatilgan vazifalar ijrosini yuqori kasbiy darajada taʼminlay oladigan malakali kadrlar bilan toʻldirsin;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-aprel,
PQ-226-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2022-y., 07/22/226/0352-son)