Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Dunyo bozorlarida yuzaga kelgan keskin tebranishlarning ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga salbiy taʼsirini kamaytirish, ichki bozorni bugʻdoy, un va oʻsimlik yogʻi mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi) “Oʻzdonmahsulot” AK va xususiy korxonalar bilan birgalikda 2022-yil aprel — iyul oylarida Qozogʻiston Respublikasidan 100 ming tonna 3-sinf bugʻdoyini (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, Qozogʻiston Respublikasining “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bugʻdoy (un) eksport qiluvchi boshqa korxonalari bilan Oʻzbekiston Respublikasiga 100 ming tonna bugʻdoyni (bir qismi un) maqbul narxlarda import qilish boʻyicha kelishuvga erishishni taʼminlasin.
Bunda, “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi tomonidan Qozogʻiston Respublikasining “Prodovolstvennaya kontraktnaya korporatsiya” milliy kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati va bugʻdoyni eksport qiluvchi boshqa korxonalaridan 2022-yil aprel — iyul oylarida 100 ming tonna 3-sinf bugʻdoyni (bir qismi un) yetkazib berish boʻyicha import shartnomalari imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi import qilingan bugʻdoy (un)ni saqlash xarajatlarini qoplashga amaldagi meʼyorlar doirasida mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi ichki va tashqi bozorlardagi vaziyatdan kelib chiqib, mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan yana 500 ming tonna bugʻdoyni import qilish zarurati yuzasidan asoslantirilgan taklif kiritsin.
4. Shundan tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq mazkur qaror doirasida ajratiladigan mablagʻlar “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasiga toʻgʻridan toʻgʻri foizsiz ssuda shaklida, bugʻdoy (un) va oʻsimlik yogʻi import qiluvchi xususiy tadbirkorlik subyektlariga Vazirlar Mahkamasining “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 7-oktabrdagi 627-son qarorida belgilangan shartlarda ajratiladi.
5. “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi:
“Oʻzdonmahsulot” AK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda import qilingan bugʻdoy (un) hamda oʻsimlik yogʻini omborxonalarda sifatli saqlanishini;
import qilingan bugʻdoy (un) va oʻsimlik yogʻini sotishdan tushgan mablagʻlar oʻz vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilishini taʼminlasin.
6. Import qilingan bugʻdoy (un) va oʻsimlik yogʻi hajmlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining takliflari asosida birja savdolari orqali sotilishi belgilab qoʻyilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining Vazirlar Mahkamasining “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 7-oktabrdagi 627-son qarori doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddatini 2022-yil 31-dekabriga qadar uzaytirish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasini 2022-yil 1-apreldan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida roʻyxatga olsin va oʻrnatilgan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi guvohnomasini rasmiylashtirib bersin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ:
2022-yil 1-apreldan boshlab yil yakuniga qadar “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi tomonidan import qilinadigan bugʻdoy (un) va oʻsimlik yogʻini temir yoʻllar orqali tashishda 50 foizli imtiyozli tariflar qoʻllanilishini;
yuklarni vagonlardan tushirib olish muddati boʻyicha qoʻllaniladigan tariflar (prostoy) miqdorini barcha turdagi bugʻdoy importyorlariga dastlabki uch kun uchun 40 foizga pasaytirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bugʻdoy va oʻsimlik yogʻi importi boʻyicha tegishli ruxsatnomalarning qisqa muddatda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-mart,
147-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 09/22/147/0255-son)