Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 13-yanvardagi PQ-83-son hamda “Parrandachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 24-yanvardagi PQ-100-son qarorlari)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 13-yanvardagi PQ-83-son hamda “Parrandachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 24-yanvardagi PQ-100-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-mart,
137-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-martdagi 137-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-iyuldagi 434-son qarori bilan tasdiqlangan Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklariga ular tomonidan yetishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida nizomning 4-bandi ikkinchi xatboshisidagi “1 000 soʻm” soʻzlari “2022-yil 1-yanvardan boshlab 2024-yil 1-yanvarga qadar 2 500 soʻm (bunda, subsidiya qoʻshilgan qiymat soligʻidan vaqtinchalik ozod qilish boʻyicha imtiyoz amalda boʻlgan davr uchun ham toʻlanadi), 2024-yil 1-yanvardan 1 000 soʻm;” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-avgustdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomning 6-bandida:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshisi bilan toʻldirilsin:
“aʼzo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan baliqchilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning bir yillik ish haqi miqdorining 50 foizigacha, biroq oyiga 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismi;”;
oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/137/22/0244-son)