Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
YUNESKO bilan hamkorlikni yanada takomillashtirish va uni samarali amalga oshirish, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlarni muhofaza qilishni kuchaytirish hamda YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati xodimlarini ijtimoiy himoya qilish shart-sharoitlarini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) ishchi organi — YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati (keyingi oʻrinlarda — Kotibiyat):
madaniy va tabiiy merosni tegishli soha mutaxassislarini jalb qilgan holda YUNESKO roʻyxatlariga kiritish boʻyicha yagona muvofiqlashtiruvchi hisoblanadi;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda YUNESKOning grantlari va texnik koʻmaklari hamda taʼlim, fan va madaniyat sohalariga oid loyihalarni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining YUNESKO yoʻnalishi boʻyicha xalqaro tashabbuslarini ilgari surish doirasida vazirliklar va idoralar bajarishi majburiy boʻlgan topshiriqlar ishlab chiqilishini hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
taʼlim, ilm-fan, madaniyat, ommaviy axborot vositalari hamda kommunikatsiyalar sohasidagi YUNESKO faoliyatiga oid barcha normativ-huquqiy hujjatlar va tadbirlar loyihalari;
YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan va kiritilishi taklif qilingan, shu jumladan ularning bufer zonalarida joylashgan hududlar va obyektlarga tegishli asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarining manzilli roʻyxatlari va raqamlashtirilgan pasportning tarkibi;
YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan va kiritilishi taklif qilingan obyektlar va hududlarning qoʻriqlanadigan tegralarida arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish, restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish Kotibiyat bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim.
3. Kotibiyatga quyidagi qoʻshimcha funksiyalar yuklansin:
YUNESKO konvensiyalari talablari amalga oshirilishi va Milliy komissiya qarorlari ijrosining taʼminlanishi yuzasidan nazorat olib borish hamda ushbu maqsadlar uchun ekspert kengashlari va ishchi guruhlarini tuzish;
Milliy komissiya qarorlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda hamda ularning bufer zonalarida joylashgan obyektlar boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasi yaratilishi hamda uning yuritilishi yuzasidan monitoring olib borish;
YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlar va hududlarda, shu jumladan ularning bufer zonalarida olib boriladigan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlar davomida oʻtkaziladigan davlat nazoratida ishtirok etish hamda tegishli soha mutaxassislarini jalb qilish.
4. Kotibiyatga unga yuklangan qoʻshimcha funksiyalarni samarali amalga oshirish uchun Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 5 nafar shtat birligi ajratilsin.
5. Kotibiyatga tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish, zarur uskunalarni xarid qilish va tegishli sohada koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun mutaxassislarga gonorarlar toʻlash uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida maqsadli begʻaraz xalqaro mablagʻlari uchun milliy va chet el valyutasidagi hisobvaraqlarini ochishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
a) idoraviy mansubligidan qatʼi nazar barcha organlar YUNESKO shtab-kvartirasiga madaniy va tabiiy meros, taʼlim, fan va kommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi hisobotlarni hamda xalqaro yordam va grantlarni olish uchun loyihalarni YUNESKO tomonidan belgilangan muddatlardan ikki oy avval, YUNESKOning shafeligini olish uchun murojaatlarni uch oy avval, YUNESKO murojaatlariga javob xatlari va ularga doir maʼlumotlarni Kotibiyat bilan kelishilgan holda faqatgina Tashqi ishlar vazirligining rasmiy kanallari orqali yuboradi;
b) YUNESKO roʻyxatlariga kiritish uchun madaniy va tabiiy merosga oid hujjatlarni xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqish va taqdim etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjetlar, homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalari hisobidan qoplanadi;
v) Milliy komissiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
7. Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Kotibiyat manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-fevral,
90-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-fevraldagi 90-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 26-noyabrdagi 957-son qarori bilan tasdiqlangan YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi toʻgʻrisida nizomda:
a) 3-banddagi “hisob raqamlariga” soʻzlari “hisobvaraqlariga” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi 31-band qoʻshilsin:
“31. Komissiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;”.
v) 3-bobning nomidagi “vakolatlari” soʻzi “huquqlari” soʻzi bilan almashtirilsin;
g) 22-bandda:
quyidagi mazmundagi oʻn beshinchi — oʻn sakkizinchi xatboshilar qoʻshilsin:
“YUNESKO konvensiyalari talablari amalga oshirilishi va Milliy komissiya qarorlari ijrosining taʼminlanishi yuzasidan nazorat olib borish hamda ushbu maqsadlar uchun ekspert kengashlari va ishchi guruhlarini tuzish;
Milliy komissiya qarorlarini sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlamagan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda hamda ularning bufer zonalarida joylashgan obyektlar boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasini yaratilishi hamda uning yuritilishi yuzasidan monitoring olib borish;
YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan obyekt va hududlarda, shu jumladan ularning bufer zonalarida olib boriladigan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlar davomida oʻtkaziladigan davlat nazoratida ishtirok etish hamda tegishli soha mutaxassislarini jalb qilish”;
oʻn beshinchi xatboshi oʻn toʻqqizinchi xatboshi deb hisoblansin;
d) 241-bandda:
quyidagi mazmunda ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Komissiya kotibiyati xodimlarining har oylik lavozim maoshlariga 40% miqdorida ustama haq (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti) toʻlanadi”;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishincha uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
e) 26-banddagi “Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati” soʻzlari “Turizm, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati” soʻzi bilan almashtirilsin;
yo) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasining
TUZILMASI
| Komissiya, Rais | Komissiya aʼzolari — 15 nafar, jamoatchilik asosida | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Kotibiyat, Bosh kotib 1 | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Bosh kotib oʻrinbosari 1 | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Taʼlim va ilm-fan masalalari boʻlimi 3 | Kommunikatsiya va axborot masalalari boʻlimi 2 | Yuriskonsult, kadrlar boʻyicha mutaxassisi 1 | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Madaniyat masalalari boʻlimi 3 | Xalqaro maslahat qoʻmitasi koordinatori 1 | Bosh buxgalter 1 | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Izoh. Komissiya raisiga, zaruratga koʻra, Komissiya kotibiyati tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining umumiy soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 13 shtat birligidan iborat. Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni belgilangan normalarga muvofiq belgilanadi.”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-apreldagi 366-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasiga biriktirilgan kontingentga kafolatlangan tibbiy va sanatoriy-sogʻlomlashtirish yordami koʻrsatish tartibi va hajmi toʻgʻrisidagi nizomga ilovada:
a) 1-boʻlimga quyidagi mazmundagi 16-pozitsiya qoʻshilsin:
| “ | 16. | YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati | bosh kotib, bosh kotib oʻrinbosari | ”; |
b) 3-boʻlimning 7-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
| “ | 7. | YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati | boʻlim mudiri,bosh buxgalter | ”; |
v) 4-boʻlimning 161-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
|
| 161. | YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati | yuriskonsult, bosh ekspert va bosh mutaxassis | ”. |
3. Vazirlar Mahkamasining “YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi kotibiyati faoliyatini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 18-fevraldagi 92-son qarorining 1-bandi yettinchi xatboshisidagi “kotibiyatda” soʻzi “davlat muassasalarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/90/0166-son)