O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi bolalar oromgohi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(qarorning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5188-son “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda iqtidorli yoshlarning san’at, sport, ilm-fan va innovatsiya sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni bir g‘oya atrofida birlashtirish, bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5188-son “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 13-bandiga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zmetkombinat” AJning Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan mazkur jamiyatga qarashli “Yoshlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tasarrufiga beg‘araz o‘tkazilganligi;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
kelgusi 10 yil davomida ushbu oromgohning faoliyatini yuritish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni “O‘zmetkombinat” AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari hisobidan qoplash belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zmetkombinat” AJning “Yoshlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi mol-mulki negizida Agentlik muassisligidagi “Renessans” sog‘lomlashtirish oromgohi (keyingi o‘rinlarda — Oromgoh) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Oromgoh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
bolalarni sog‘lomlashtirish, ularning yosh xususiyatidan kelib chiqqan holda sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish, jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
yoshlarning IT, STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san’at, matematika), biznes boshqaruvi, ijod sohalaridagi iqtidorini rivojlantirish;
yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlikka o‘rgatish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy qobiliyatlarini rivojlantirishda ustoz-shogird an’analaridan keng foydalanish;
yoshlarni, shu jumladan imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalari va o‘z ustida ishlashlariga munosib shart-sharoit yaratish hamda amaliyotga joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish;
iqtidorli yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ular bilan tizimli ishlash mexanizmlarini joriy etish;
o‘quvchilarni xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarga samarali hamda intensiv tarzda tayyorlash;
Oromgoh bazasida Agentlik tizimidagi rahbar va pedagog kadrlarning qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, metodologik amaliyoti, xalqaro ekspertlar ishtirokida mahorat darslarini, mahalliy va xalqaro festivallar, anjumanlar, seminar, konferensiya, forumlar va boshqa tadbirlar o‘tkazishni tashkil etish;
Agentlik tomonidan belgilangan o‘quv dasturlari asosida dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlar, individual ishlash dasturlarini shakllantirish hamda takomillashtirish;
innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish hamda oliy ta’lim va kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda mahorat darslarini tashkil etish.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Oromgoh davlat muassasasi hisoblanadi, o‘z ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga, nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtamp va blankalarga ega bo‘ladi;
b) Oromgoh yil davomida faoliyat yuritadi. Bunda:
yoshlarning iqtidoridan kelib chiqib, ta’lim sifatini oshirish va individual yondashuvni joriy etish maqsadida har bir guruhda yoshlar soni 20 nafargacha shakllantiriladi;
yoshlarning alohida qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida yetakchi mutaxassislar ishtirokida individual mashg‘ulotlar olib boriladi;
yoshlar uchun umumta’lim dasturlarini qamrab olgan mashg‘ulotlar Oromgohning o‘zida tashkil etiladi;
v) Oromgohga Agentlik tizimidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi;
g) Oromgohga Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
d) Oromgohning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi Agentlik bilan kelishilgan holda Oromgoh tomonidan tasdiqlanadi. Oromgoh mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) yoshlarning startap va innovatsion loyihalarini takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etish belgilangan tartibda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda mahalliy va xorijiy investorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
(4-bandning “e” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
5. Agentlik uch oy muddatda:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zmetkombinat” AJ, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani Yusufxona qishlog‘ida joylashgan “Yoshlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohini balans qiymatida beg‘araz qabul qilsin;
Oromgoh ustavini tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Oromgohni chuqur bilim, yuqori kasb mahoratiga ega, tajribali rahbar, mahalliy va xorijiy pedagog kadrlar hamda malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin;
Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda Oromgohda o‘qitiladigan umumta’lim fanlarining o‘quv rejasini tasdiqlasin;
Oromgohga iqtidorli yoshlarni jalb qilish tartibini tasdiqlasin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi Agentlikning talabnomasiga asosan iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqotchilarga biriktirish, ularning tadqiqot laboratoriyalaridan foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratsin.
6. Toshkent viloyati hokimligi Agentlik, “O‘zmetkombinat” AJ, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Oromgoh uchun zamonaviy o‘quv kampusi, o‘quv laboratoriyalari, o‘quv resurs markazi, o‘quv binosi, mediamarkaz, sport kompleksi, kongress-xoll, kinoteatr, yotoqxona, jalb etiladigan xodimlar uchun mehmonxona, Agentlik xodimlari hamda pedagog xodimlari uchun dam olish maskani loyihasi ishlab chiqilishi va xalqaro standartlar asosida rekonstruksiya qilinishi va qo‘shimcha qurilishi bo‘yicha loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga qo‘shish uchun asoslangan takliflarni bersin.
Bunda, zamonaviy mebel va jihozlar, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter, multimedia hamda video-kuzatuv vositalari, shuningdek, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun zarur jihozlar bilan ta’minlash — “O‘zmetkombinat” AJ mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
7. Quyidagilar Oromgoh faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
“O‘zmetkombinat” AJ tomonidan ajratiladigan homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari;
(7-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)
startap loyihalarni amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
Oromgohning xizmat ko‘rsatishdan olinadigan daromadlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari, texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
8. Toshkent viloyati hokimligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi 2022-yil 1-iyunga qadar Oromgohga olib boruvchi 12 km uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘lini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlash choralarini ko‘rsin.
9. Agentlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori X.O‘. Umarova zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-fevral,
65-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.02.2022-y., 09/22/65/0112-son; 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)