Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2021-yil 1-iyun kuni Anqara shahrida imzolangan kuyidagi xalqaro shartnomalar:
2018-yil 30-aprelda Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Bayonnoma;
2018-yil 30-aprelda Toshkent shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida huquqni muhofaza qilish sohasida oʻqitish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi Protokolga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qoʻshimcha bayonnoma tasdiqlansin.
2. Ichki ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi toʻgʻrisida Turkiya tomoniga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnomalar kuchga kirgandan keyin ularning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-fevral,
PQ-108-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/108/0098-son)