Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yosh gvardiyachilar” bolalar va oʻsmirlar sport maktablari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 24-yanvardagi PF-5924-son Farmoniga muvofiq, shuningdek mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sogʻlom turmush tarziga va sport bilan shugʻullanishga targʻib qilish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tizimidagi Toshkent shahar, Olmazor tumani 2-son bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumani 1-son bolalar va oʻsmirlar sport maktabi filialini Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimiga oʻtkazish va ularning negizida amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda “Yosh gvardiyachilar” bolalar va oʻsmirlar sport maktablari (keyingi oʻrinlarda — sport maktablari) faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar sport maktablarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sogʻlom turmush tarziga targʻib etish va sport bilan muntazam ravishda shugʻullanishlarini tashkil etish;
notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega, jismonan rivojlangan, chidamli, mard va jasur Vatan himoyachilarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi uchun kadrlar rezervini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlashda koʻmaklashish;
olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha yangi ilmiy-metodik tavsiyalar va yutuqlar asosida sport zaxiralarini, terma jamoalarga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash;
oʻquvchilarning jismoniy tayyorgarligi va texnik-taktik koʻnikmalarini takomillashtirish, professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek sportni rivojlantirish xalqaro talablariga muvofiq holda Oʻzbekiston milliy terma jamoalari zaxirasini tayyorlash darajasini oshirish;
oʻquvchi-sportchilar va trenerlar tarkibining professional mahoratini oshirish uchun xorijiy sport maktablari va klublari bilan tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
sport maktablari faoliyati Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
sport maktabi direktorini lavozimga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
sport maktablari oʻquvchilarining mashgʻulot davriga xalaqit bermagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchi va xodimlariga sport maktablarining sport inshootlaridan foydalanishi uchun ruxsat beriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:
a) bir oy muddatda:
Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda sport maktablarining ustavini tasdiqlash va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
sport maktablarida mashgʻulot olib boradigan sportchilarga sport inshootida toʻliq shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin;
b) 2022-yil 1-sentabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi mablagʻlari hisobidan sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda yopiq turdagi yangi sport inshootlarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda belgilangan tartibda sport inshootlarini topshirish-qabul qilish ishlari amalga oshirilishini taʼminlasin;
sport maktablariga bolalar, oʻsmirlar va yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun keng jalb etsin hamda sport zaxirasi va yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini samarali tashkil etsin;
yuqori malakali trener kadrlar bilan taʼminlash va sport zaxirasini tayyorlash ishlarini olib borsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-fevral,
50-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 09/22/50/0092-son)