Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Parrandachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Ichki isteʼmol bozorini parranda goʻshti bilan barqaror taʼminlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida:
1. 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2024-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan parrandachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan parranda goʻshtining har bir kilogrammi uchun subsidiya miqdori 2 500 soʻm etib belgilansin.
Bunda, subsidiya qoʻshilgan qiymat soligʻidan vaqtinchalik ozod qilish boʻyicha imtiyoz amalda boʻlgan davr uchun ham toʻlanadi.
2. Moliya vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-yanvar,
PQ-100-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.01.2022-y., 07/22/100/0061-son)