Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomaga qoʻshilish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq:
1. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlari Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida 2014-yil 30-may kuni Minsk shahrida imzolangan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining transport xavfsizligini taʼminlash sohasida axborot hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimga qoʻshilinsin.
2. Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar etib belgilansin.
3. Tashki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomaga qoʻshilishi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar haqidagi tegishli bildirishnomani depozitariyga yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan oʻrnatilgan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-yanvar,
PQ-95-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2022-y., 07/22/95/0059-son)