Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Navoiy viloyati Nurota tumanida quvvati 200 MVt boʻlgan fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish koʻlamini kengaytirish, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, shuningdek, elektr energetika tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) “Phanes Energy Nolding III B.V.” (Niderlandiya) kompaniyasi tomonidan (keyingi oʻrinlarda — Investor) “Navoiy viloyati Nurota tumanida quvvati 200 MVt boʻlgan fotoelektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya loyihasi) doirasida Oʻzbekiston Respublikasida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Quyosh-Energy” xorijiy korxonasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha kompaniyasi) taʼsis etilganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investor va Loyiha kompaniyasi (keyinchalik bitimga qoʻshilishini hisobga olgan holda) oʻrtasida 2021-yil 2-aprelda Loyiha kompaniyasining majburiyatlarini nazarda tutuvchi investitsiya shartnomasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya shartnomasi) imzolanganligi hamda unga muvofiq Investor va Loyiha kompaniyasi:
Investitsiya loyihasini amalga oshirishning butun davri mobaynida Navoiy viloyati Nurota tumanida quvvati 200 MVt boʻlgan fotoelektr stansiyasini loyihalashtirishi, moliyalashtirishi, qurishi hamda ekspluatatsiya qilishi;
yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni oʻz zimmalariga olgan holda, dastlabki baholash boʻyicha jami 179 mln AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi;
v) “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Investor oʻrtasida 2021-yil 2-aprelda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisida bitim (keyingi oʻrinlarda — Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim) imzolanganligi hamda unga muvofiq:
Investor ushbu bitim boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlaridan Loyiha kompaniyasi foydasiga voz kechishi;
Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini olishi;
Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishining taʼminoti sifatida 7,2 mln AQSH dollari miqdorida birinchi darajali xorijiy bank kafolatini taqdim etishi;
Investitsiya loyihasi doirasida fotoelektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmogʻiga ulash uchun quriladigan havo elektr uzatish tarmoqlari va boshqa elektr qurilmalarining Investor va Loyiha kompaniyasi tomonidan qurilishi hamda ushbu ishlar uchun sarflangan xarajatlar “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 10 yil davomida oylik toʻlovlar asosida qoplanishi;
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olishi va elektr energiyasi uchun toʻlovni milliy valyutada amalga oshirishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investor hamda Loyiha kompaniyasi oʻrtasida imzolangan Investitsiya shartnomasi tasdiqlansin.
3. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim maʼqullansin.
4. Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq ularning amal qilish muddati davomida elektr energiyasining sotib olinishi chet el valyutasida denominatsiyalangan qatʼiy tarif boʻyicha amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga Investor, Loyiha kompaniyasi va Investitsiya loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etayotgan kreditorlar bilan Loyiha kompaniyasi tomonidan Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, Loyiha kompaniyasi va Investor huquqlarini kreditorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazish yuzasidan bitimlar tuzish huquqi berilsin.
6. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga:
Loyiha kompaniyasi bilan birgalikda Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro mustaqil injiniring kompaniyasini va boshqa maslahatchilarni majburiy ekspertiza oʻtkazmagan holda tanlab olishga va ular bilan shartnomalar tuzishga;
Loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini uch oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga chet el bankining xorijiy valyutada tasdiqlangan va tiklanadigan akkreditivini ochishga ruxsat berilsin.
7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, lozim boʻlgan barcha soliqlar va yigʻimlar toʻlangan holda, xorijiy kreditorlar loyihalarni moliyalashtirishda anʼanaviy qoʻllaydigan tavakkalchilikni boshqarish talablariga muvofiq quyidagi huquqlar berilsin:
kredit olish, xorijiy valyutadagi mablagʻlarni olish va ulardan foydalanish (shu jumladan xorijiy valyutada kredit tushumlari) uchun chet ellardagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.
8. Investitsiya loyihasi doirasida fotoelektr panellarini oʻrnatish bilan bogʻliq qurilish va yer ishlarini bajarish hamda bino va inshootlar poydevorlarini loyihalash normalari va qoidalari Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim qoidalariga muvofiq xalqaro standartlar bilan tartibga solinishi belgilab qoʻyilsin.
9. Navoiy viloyati hokimligi bir oy muddatda Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan shartlarga mos keladigan yer uchastkasining hamda fotoelektr stansiyasi faoliyatini taʼminlashga xizmat qiluvchi havo elektr uzatish tarmoqlari uchun zarur boʻlgan yer maydonlarining, tayanch qurilmalar egallaydigan yer koordinatalaridan kelib chiqib, Energetika vazirligiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishini taʼminlasin.
Energetika vazirligi mazkur bandga asosan:
fotoelektr stansiyasi qurilishi uchun ajratilgan yer uchastkasining Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga Loyiha kompaniyasiga;
havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun ajratilgan yer uchastkasining “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ijaraga berilishini taʼminlasin.
Yerni ijaraga olish huquqi uchun bozor qiymatida haq toʻlash yerga nisbatan amal qiluvchi va Loyiha kompaniyasi tomonidan toʻlanadigan ijara toʻlovlari koʻrinishida ifodalanishi belgilansin.
Bunda, Loyiha kompaniyasi Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanganlik uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplashdan (kompensatsiya toʻlovlaridan) ozod qilinsin.
10. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, shuningdek, tomonlarning Investitsiya shartnomasi va Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim doirasidagi majburiyatlarini bajarishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
11. Adliya vazirligi Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya shartnomasi hamda uning qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.
12. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi loyiha hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkazilishini hamda Investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikka rioya etilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri A.S. Sultanov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-yanvar,
PQ-88-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2022-y., 07/22/88/0040-son)