Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2021-yil 5-oktabr kuni Toshkent shahrida imzolangan quyidagi xalqaro shartnomalar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida tovar aylanmasini koʻpaytirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli sheriklik aloqalarini kengaytirish toʻgʻrisidagi bitim;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida Oʻzbek-Turkman chegaraoldi savdo zonasi — Savdo markazi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mazkur xalqaro shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnomalarning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda ularni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat organi belgilanganligi toʻgʻrisida Turkmaniston tomoniga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari mazkur xalqaro shartnomalar kuchga kirgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-yanvar,
PQ-91-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2022-y., 07/22/91/0031-son)