Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Transchegaraviy pul oʻtkazmalarini taʼminlash boʻyicha toʻlov tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Pul oʻtkazmalari tizimining samaradorligi va amaliyotlarning shaffofligi darajasini oshirish, tranzaksion (operatsion) xatarlarni minimallashtirish va barqarorligini taʼminlash, respublikada xavfsiz pul oʻtkazmalari uchun moliya-bank tizimida zarur shart-sharoitlar yaratish hamda xorijdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini muntazam ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJning (keyingi oʻrinlarda — Oʻzmilliybank) xorijiy davlatlar hududidan Oʻzbekiston Respublikasiga transchegaraviy pul oʻtkazmalarini amalga oshirish maqsadida “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
“Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi uning operatori sifatida ishtirok etuvchi Oʻzmilliybank protsessing markazi negizida tashkil etiladi;
jismoniy shaxslar oʻrtasidagi transchegaraviy oʻtkazmalar xorijiy davlatlar hududidan Oʻzbekiston Respublikasiga oʻzaro manfaatli tariflar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning xohishiga koʻra ixtiyoriy tanlash asosida boshqa toʻlov tizimlari bilan bir qatorda “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi orqali amalga oshiriladi;
“Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi bir qator apparat va dasturiy-texnik vositalarni oʻzida mujassam qilgan tizimli platforma boʻlib, toʻlov tizimi ishtirokchilari (kredit tashkilotlari) uchun vakillik hisobvaraqlari orqali transchegaraviy oʻtkazmalar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshiradi;
“Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan transchegaraviy oʻtkazmalar boʻyicha Oʻzmilliybank hisob-kitob banki funksiyasini bajaradi;
“Aziya — Invest Bank” AJ (Moskva shahri) “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan transchegaraviy oʻtkazmalar boʻyicha Rossiya Federatsiyasi hududidagi hisob-kitob banklaridan biri hisoblanadi.
3. Oʻzmilliybank uch oy muddatda “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi barcha ishtirokchilari uchun transchegaraviy pul oʻtkazmalari yagona tarif siyosati va oʻzaro hamkorlik qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzmilliybank “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi faoliyatini tashkil etish doirasida:
“Aziya — Invest Bank” AJ (Moskva shahri) bilan birgalikda olti oy muddatda “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimini yaratish boʻyicha barcha zarur texnik va tashkiliy ishlarni hamda barcha ishtirokchilarga, shu jumladan, xorijiy toʻlov tizimlariga texnologik integratsiya qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi qonunchilik talablariga muvofiq ochiq kirish imkoniyatini taʼminlash ishlarini yakunlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari bilan olti oy muddatda “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi bilan texnologik integratsiya ishlarini yakunlasin;
“Aziya — Invest Bank” AJ (Moskva shahri) bilan birgalikda uch oy muddatda manfaatdor chet el banklari va xorijiy toʻlov tizimlari bilan “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi xizmatidan foydalanish boʻyicha faoliyatni tashkil etish masalasi yuzasidan, shuningdek oʻtkazmalar uchun tarifikatsiya va vositachilik haqini kamaytirish yuzasidan muzokaralar olib borsin va memorandumlarni imzolasin;
“Aziya — Invest Bank” AJ (Moskva shahri) bilan birgalikda olti oy muddatda “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimi tomonidan shakllantirilgan maʼlumotlar asosida skoring tahlilini amalga oshirgan holda Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining ishga joylashish boʻyicha xarajatlarini qoplash maqsadida kreditlar ajratish loyihasini ishlab chiqsin va amaliyotga tatbiq etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklariga transchegaraviy pul oʻtkazmalari boʻyicha bank xizmatlarini koʻrsatishda boshqa toʻlov tizimlari bilan bir qatorda “Yagona transchegaraviy pul oʻtkazmalari” toʻlov tizimidan foydalanish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.K. Mirsoatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-dekabr,
771-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2021-y., 09/21/771/1193-son)