Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 2-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 19-noyabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2021-yil 19-noyabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi 915-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 22-aprelda qabul qilingan OʻRQ-350-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 96-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda, № 10, 674-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 9, 588, 591-moddalar; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritilsin:
1) 11-moddasining birinchi qismi quyidagi mazmundagi yigirma toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“fuqarolar yigʻini hududida xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoxud bunday tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarni aniqlashda, shuningdek bunday shaxslar bilan olib boriladigan profilaktika ishlarida ishtirok etadi”;
2) 14-moddasining birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tazyiq va zoʻravonlikka uchragan hamda fuqarolar yigʻinlariga murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilaydi, shuningdek mazkur faktlar toʻgʻrisida tegishli ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarini hamda ichki ishlar organlarini zudlik bilan xabardor qiladi”;
oʻn toʻrtinchi — yigirmanchi xatboshilari tegishincha oʻn beshinchi — yigirma birinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-561-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 9, 586-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 9-modda:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ish qidirayotgan va ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolarga va zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash va kasbga yoʻnaltirishga koʻmaklashish choralarini koʻradi”;
beshinchi xatboshisi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
2) 11-moddaning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga hamda ularning bolalariga, shu jumladan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga keltirilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga hamda ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish, ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, shuningdek tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni bepul davolash chora-tadbirlarini amalga oshiradi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martda qabul qilingan “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-611-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 3, 202-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 24-moddasi ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-dekabr,
OʻRQ-736-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2021-y., 03/21/736/1144-son)