O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 19-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 21-oktabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2021-yil 21-oktabrda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda) 483-moddasi quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“2021-yilning 10-oktabridan 31-dekabriga qadar bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi”.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning qoidalari 2021-yil 10-oktabrdan e’tiboran yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-oktabr,
O‘RQ-725-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 03/21/725/0995-son)