Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2021-yil 28-mayda Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida imzolangan Hamdoʻstlik ishtirokchi-davlatlarining geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash sohasidagi oʻzaro munosabatlari toʻgʻrisida 1992-yil 9-oktabrdagi Bitimga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnoma yoʻllasin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-oktabr,
PQ-5259-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2021-y., 07/21/5259/0965-son)