Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON DAVLAT KONSERVATORIYASIGA ASBOB-USKUNALAR YETKAZIB BERISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATINING MADANIYAT SOHASIDAGI BEGʻARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga 49,7 mln Yaponiya yeni summasiga asbob-uskunalar yetkazib berish uchun Yaponiya Hukumatining madaniyat sohasidagi begʻaraz yordamidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Almashuv notalarini imzolashga vakil qilinsin.
2. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligiga begʻaraz yordamni olish uchun barcha zarur tartibotlarni Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga koʻrsatib oʻtilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob xizmati koʻrsatish yuklansin.
3. Begʻaraz yordam doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan asbob-uskunalar va xizmatlar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin, bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno.
4. Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat ishlari vazirligining buyurtmanomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan chet ellik mutaxassislarga kelish vizalari belgilangan tartibda konsullik yigʻimlari undirmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
5. Ichki ishlar vazirligi Madaniyat ishlari vazirligining buyurtmanomalariga koʻra loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan chet ellik mutaxassislarga davlat boji undirmasdan koʻp martalik kelish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
6. Vakolatli bank Madaniyat ishlari vazirligining buyurtmanomalariga koʻra begʻaraz yordamga hisob-kitob xizmati koʻrsatganlik uchun Yaponiya tomonining vositachilik haqini toʻlashga soʻmlardagi mablagʻlar konvertatsiya qilinishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-oktabr,
372-son