Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 69 va 78-moddalariga, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 8-moddasiga hamda “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 23 va 25-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib:
Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari oʻzgartirilsin;
Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga;
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;
Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar (shundan, 578,2 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga;
Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar (shundan, 1 090,9 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumani tarkibiga;
Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar (shundan, 1 002,6 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga;
Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga;
Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga oʻtkazilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taklif etilgan:
Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahrining oʻzgartirilayotgan hududlari chegaralarining tavsifi va chizma shakllari tegishlicha 1 — 12-ilovalarga muvofiq;
Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod tumanlari hamda Toshkent shahrining chegaralari tavsifi va chizma shakllari tegishlicha 13 — 22-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Toshkent shahri tarkibiga oʻtkazilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan (sugʻoriladigan) yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga oʻtkazilayotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumani 20, 21, 22, 23, 24, 25-saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Zangiota tuman Kengashining deputatlari xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining deputatlari hisoblanadi;
Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga oʻtkazilayotgan Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumani 1, 2-saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Oʻrta Chirchiq tuman Kengashining deputatlari xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashining deputatlari hisoblanadi;
Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumani tarkibiga oʻtkazilayotgan Toshkent viloyatining Qibray tumani 13, 14, 15-saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Qibray tuman Kengashining deputatlari xalq deputatlari Mirzo Ulugʻbek tuman Kengashining deputatlari hisoblanadi;
Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga oʻtkazilayotgan Toshkent viloyatining Qibray tumani 16-saylov okrugidan saylangan xalq deputatlari Qibray tuman Kengashining deputati xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputati hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qaror yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-avgust,
1290-IV-son