Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
G.V. PLEXANOV NOMIDAGI ROSSIYA IQTISODIYOT AKADEMIYASINING TOSHKENT SHAHRIDAGI FILIALI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Keyingi tahrirga qarang.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida iqtidorli yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish va ulardan samarali foydalanish, taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzurida eksperiment tarzida tashkil etilgan Akademiyaning Oʻquv-ilmiy markaziga G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filiali maqomini berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filialiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida oliy kasb taʼlimi sohasida taʼlim faoliyatini yuritish huquqi berilsin.
Oliy taʼlim sifatiga qoʻyiladigan umumiy eʼtirof etilgan xalqaro talablarga, Oʻzbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi maqsad va vazifalariga muvofiq iqtisodiyot va biznesni boshqarish sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filialining asosiy vazifasi hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filialida oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlariga, ular asosida ishlab chiqilgan bakalavriat va magistratura oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq oʻqishning kunduzgi shaklida toʻlov-kontrakt asosida olib boriladi;
filialning joriy faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash, binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash, moddiy-texnika va oʻquv-metodik bazani jihozlash Rossiya iqtisodiyot akademiyasining oʻz mablagʻlari, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish, homiylar ajratadigan mablagʻlar va boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
filialga qabul Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda test sinovlari asosida amalga oshiriladi;
bakalavrlar tayyorlash dasturi boʻyicha oʻqitish uchun filialga har yili qabul qilinuvchilar 100 kishini, magistrlar tayyorlash dasturi boʻyicha esa — 50 kishini tashkil etadi;
filial bitiruvchilari Oʻzbekiston Respublikasida va Rossiya iqtisodiyot akademiyasida belgilangan talablarga muvofiq attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Belgilab qoʻyilsinki, filialning bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi diplom hisoblanadigan G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasini tamomlaganlik haqidagi diplom beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Davlat test markazi va Rossiya iqtisodiyot akademiyasi bilan birgalikda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxatini belgilasin, Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlarini, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablarini hisobga olgan holda oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Rossiya iqtisodiyot akademiyasi:
ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini, fan va oliy taʼlimning eng yangi yutuqlarini oʻquv jarayoniga doimiy ravishda joriy etish;
bakalavriat va magistratura dasturlari boʻyicha qobiliyatli va iqtidorli yoshlarni oʻqitish uchun muntazam ravishda grantlar ajratish;
Akademiya mablagʻlari hisobiga filialning va Oʻzbekistonning boshqa iqtisodiy oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari tarkibi malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
filialning kutubxona fondiga zamonaviy oʻquv va oʻquv-ilmiy, shuningdek ilmiy adabiyotlar berish majburiyatini oʻz zimmasiga olganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutaxassislar tayyorlash sifatini nazorat qilsin va filialning professor-oʻqituvchilari tarkibini belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazsin.
7. Rossiya iqtisodiyot akademiyasi filialiga Rossiyadan va xorijdan oʻqituvchilik va ilmiy ish uchun taklif etilgan professorlar va oʻqituvchilarning yashashi va transport xarajatlari uchun Oʻzbekiston fuqarolariga belgilangan tariflar boʻyicha milliy valyutada haq toʻlashga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filiali quyidagi manzilga joylashtirilsin: Toshkent shahri, Oʻzbekiston shoh koʻchasi, 49, 7-korpus.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 5-sentabr,
318-son