O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida
“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2021-yil 28-may kuni Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida imzolangan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining aholisi bandligiga ko‘maklashish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim tasdiqlansin.
2. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan mas’ul vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ to‘g‘risida depozitariyga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan o‘rnatilgan tartibda nazoratni ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-sentabr,
PQ-5245-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.09.2021-y., 07/21/5245/0875-son)