Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Foreign Languages” xorijiy tillar teleradiokanalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-apreldagi 211-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligining xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan “Foreign Languages” xorijiy tillar teleradiokanalini (keyingi oʻrinlarda — “Foreign Languages” telekanali) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar “Foreign Languages” telekanali faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholi, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlod oʻrtasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish, til bilishning imkoniyatlarini targʻib qilish orqali xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqish uygʻotish;
oʻquvchilarning xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirishi, tilning asosiy koʻnikmalarini rivojlantirishga koʻmaklashuvchi ilmiy-ommabop, hujjatli, badiiy filmlar, bolalar uchun moʻljallangan xorijiy tildagi televizion asarlar va boshqa telemahsulotlarni namoyish etib borish;
efir orqali til oʻrgatuvchi koʻrsatuvlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda ular ishtirokida mahorat teledarslari, videorolik, oʻyin, koʻngilochar koʻrsatuv, filmlar va boshqa oʻrgatuvchi kontentlarni yaratish va efirga uzatish;
davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilishda yutuqlarga erishgan mutaxassislarning ilgʻor tajribalarini targʻib qilish;
xorijiy tillarni oʻqitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari taʼlimning barcha bosqichlarida joriy etilishini izchil yoritib borish hamda oʻqituvchilarning zamonaviy til oʻqitish koʻnikmalarini rivojlantirishga koʻmaklashish.
3. Belgilansinki:
“Foreign Languages” telekanali Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi “Oilaviy” telekanali negizida hamda ushbu telekanalning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasi doirasida tashkil etiladi;
telekanal oʻz dasturlarini bir kecha-kunduzda 24 soat davomida xorijiy tillarda efirga uzatadi, bunda har kuni kamida 3 soat efir vaqti xorijiy tillarni onlayn oʻrgatishga ajratiladi;
bolalar uchun moʻljallangan xorijiy tildagi televizion asarlar dublyajsiz, asl tilida, zarur hollarda oʻzbek, ingliz va rus tillariga titrli tarjima qilgan holda efirga uzatiladi;
“Oilaviy” telekanali tomonidan hozirga qadar foydalanib kelinayotgan televizion texnika vositalari “Foreign Languages” telekanaliga belgilangan tartibda beriladi hamda ushbu telekanalning moddiy-texnik bazasi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan bosqichma-bosqich yangilanadi va boyitib boriladi.
4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining buyurtmasi boʻyicha oʻrnatilgan tartibda “Foreign Languages” telekanalining televideniye dasturlarini DVB-T2 standartidagi yer usti raqamli televideniye tarmogʻining umumiy foydalaniladigan ijtimoiy paketi tarkibida “Oilaviy” telekanali oʻrniga respublika miqyosida tarqatilishini tashkillashtirsin.
5. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Foreign Languages” telekanali faoliyat yoʻnalishining oʻziga xosligini inobatga olgan holda, ushbu telekanalni birinchi navbatda “Oilaviy” telekanalidagi ijodiy xodimlar hisobidan oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada amalga oshirishga qodir boʻlgan malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy ravishda keng yoritib borish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-avgust,
546-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/546/0831-son)