Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand viloyati hokimligi boshqaruvi tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
Samarqand viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatini kompleks rivojlantirish, mineral xomashyo va qishloq xoʻjaligi resurslarini chuqur qayta ishlash orqali innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirishga toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Samarqand viloyati hokimligi boshqaruv apparati tuzilmasida Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Samarqand viloyati hokimligi boshqaruv apparati tuzilmasida:
a) viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari lavozimi;
boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbarining kotibiyat mudiri lavozimi joriy etilsin;
b) viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi viloyat hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi etib qayta nomlansin.
3. Quyidagilar, Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish orqali hududlarning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha tasdiqlangan dasturlarda nazarda tutilgan sanoatni tarkibiy qayta oʻzgartirishni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni yanada diversifikatsiyalash bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish ishlarini tashkil qilish;
sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, sanoat mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish maqsadida taqdimotlar oʻtkazish, xorijiy davlatlarning koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish;
elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, ichki bozorni yuqori sifatli milliy elektrotexnika mahsulotlari bilan toʻldirish va uning eksport geografiyasini, jumladan, turli axborot resurslari va koʻrgazma tadbirlarida milliy brendlarni ilgari surish va elektrotexnika sanoati korxonalarining salohiyatini namoyon etish orqali kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish;
toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import oʻrnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qoʻshilgan qiymatli zamonaviy elektrotexnika va elektrmaishiy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish;
mashinasozlik korxonalarida foydalaniladigan butlovchi buyumlar hamda barcha texnika turlari uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni tashkil etish;
tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga moʻljallangan majmualarni yaratish va keng turdagi sifatli toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilishini tashkil etish hamda xotin-qizlar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish ishlarini muvofiqlashtirish;
energiya samaradorligi yuqori boʻlgan va energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalar negizida mavjud sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish va yangilarini barpo etish, ularda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida mahsulot ishlab chiqarish hamda ichki bozorni toʻldirish va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulot turlari eksportini kengaytirish maqsadida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash;
sanoat korxonalari mahsulotlarining raqobatbardoshligi va sifatini oshirish, ularning xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash borasida hududdagi sinov va sertifikatlash markazlari va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida tadbirkorlarning toʻliq va uzluksiz faoliyat olib borishini taʼminlash, ular uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, xorijiy va mahalliy investorlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, viloyatda yangi kichik va yirik sanoat zonalari sonini koʻpaytirish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish.
4. Samarqand viloyati hokimligi mazkur qarordan kelib chiqib bir hafta muddatda:
viloyat hokimining oʻrinbosarlarining yangilangan funksional vazifalari taqsimoti hamda ularning kotibiyatlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin;
Samarqand viloyati hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlash uchun belgilangan tartibda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga kiritilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Samarqand viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatini kompleks rivojlantirish, mineral xomashyo va qishloq xoʻjaligi resurslarini chuqur qayta ishlash orqali innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari faoliyatini samarali tashkil etilishini muvofiqlashtirib borsin hamda uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali boshqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-iyun,
342-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/342/0519-son)