O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Mashinasozlik va elektrotexnika maxsus sanoat xabi” maxsus sanoat zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mashinasozlik va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mahalliy xom ashyo resurslarini qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonini to‘liq yo‘lga qo‘yish, qulay investitsiya muhitini yaratish hamda yuqori texnologiyali va zamonaviy investitsiya loyihalarini amalga oshirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga va hudud aholisi farovonligini oshirishga hissa qo‘shish maqsadida:
1. Andijon viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Andijon viloyati hududining 105 gektar yer maydonida “Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi”ni (keyingi o‘rinlarda — Sanoat xabi) maxsus sanoat zonasi sifatida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Sanoat xabining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;
viloyatning mashinasozlik va elektrotexnika sanoatidagi ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;
mahalliy xom ashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda maxsus sanoat zonasi ishtirokchilari o‘rtasida va umuman respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning eksport hajmini oshirish.
3. Belgilansinki:
Sanoat xabining faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;
Sanoat xabi faoliyati davomida uning hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Sanoat xabi hududida mashinasozlik va elektrotexnika sohalaridagi loyihalar, shuningdek, boshqa sohalardagi yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalar joylashtiriladi va ularning tashabbuskorlariga qurilgan bino va inshootlar ijara shaklida ajratib beriladi;
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi PQ-266-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 07/22/266/0458-son)
Maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashi va direksiyasining vakolatlari hamda Sanoat xabi hududida bino va inshootlar qurish ishlari mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Sanoat xabi boshqaruvchi kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Andijon viloyati hokimligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda Sanoat xabi hududlarining chegaralarini aniqlash va ularni kelgusida kengaytirishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda Sanoat xabining bosh rejasi belgilangan tartibda ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini ta’minlasin.
5. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Sanoat xabi boshqaruvchi kompaniyasini belgilash choralarini ko‘rsin;
Sanoat xabi hududida rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastur loyihasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Sanoat xabi bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha:
Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati IK” DUK — buyurtmachi etib;
tanlov asosidagi loyiha tashkiloti — bosh loyiha tashkiloti etib;
Andijon viloyati mahalliy budjetining mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar — moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
7. Belgilansinki:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda Sanoat xabining tashkil etilishi, uning hududida mashinasozlik va elektrotexnika sohalariga ixtisoslashgan loyihalar joylashtirilishini tashkil etishga mas’ul hisoblanadi;
Sanoat xabi hududida amalga oshiriladigan loyihalar ularning biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda (keyingi o‘rinlarda — Markaz) ekspertizadan o‘tkaziladi. Bunda, Markaz tomonidan xulosalar berish muddatlari o‘n besh kalendar kundan oshmasligi lozim;
boshqaruvchi kompaniya tomonidan ishlab chiqarish loyihalarini Sanoat xabi hududida joylashtirish bo‘yicha investitsiya buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish muddati Markaz tomonidan xulosa berish jarayoni bilan birga yigirma besh kalendar kundan oshmasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Sanoat xabini tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi PQ-266-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 07/22/266/0458-son)
9. Sanoat xabida joylashadigan loyihalar uchun zarur bo‘lgan barcha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini yaratish bilan bog‘liq tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4929-son qarorida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan hamda ushbu qarorda o‘rnatilgan tartibda moliyalashtirilishi belgilansin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Sanoat xabini barcha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlash manzilli dasturini tasdiqlasin.
10. Ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i tegishli bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan Sanoat xabi hududida loyihalar amalga oshirilganda, loyiha ishga tushgan muddatdan boshlab uch yil o‘tganidan so‘ng tegishli ulushlarning auksion savdolari orqali sotilishi lozimligi belgilab qo‘yilsin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda auksion savdolarini shaffoflik va bozor tamoyillari asosida o‘tkazilishini ta’minlasin.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Andijon viloyati hokimi Sh.Q. Abduraxmonov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-may,
PQ-5128-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.05.2021-y., 07/21/5128/0494-son, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son; 01.06.2022-y., 07/22/266/0458-son)