Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING INVESTITSIYa-DASTURINI ShAKLLANTIRISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-martdagi 197-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-dekabrdagi PQ-3437-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturini shakllantirishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi moliyaviy manbalar — budjet mablagʻlari, budjetdan tashqari fondlarning mablagʻlari, bankning markazlashtirilgan kreditlari, xorijiy sarmoyalar va hukumat kafolati ostidagi kreditlar, shuningdek markazlashtirilgan investitsiyalar bilan chambarchas uygʻunlashtirilgan holda joriy kalendar yilga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi;
Investitsiya dasturi tasdiqlangan yil davomida unga loyihalarning (xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi loyihalar bundan mustasno) qoʻshimcha kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
Investitsiya dasturiga yil davomida xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi loyihalarni qoʻshimcha kiritish mablagʻ bilan taʼminlashning tasdiqlangan manbalari mavjud boʻlgan taqdirda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan amalga oshiriladi.
2. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Xorijiy sarmoyalar boʻyicha agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda dasturga kiritiladigan loyihalarni tanlash mezonlari va ularning roʻyxatini tuzish mexanizmini nazarda tutsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 12-may,
240-son