O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA QIZILMIYA YETIShTIRIShNI KO‘PAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qizilmiya yetishtirishni qayta tiklash va ko‘paytirish, uni sanoat asosida qayta ishlashni tashkil qilish hamda o‘zboshimchalik bilan tayyorlash va sotishni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi;
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat o‘rmon qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda:
o‘z tasarruflaridagi yerlarda qizilmiya o‘sishini tekshirib chiqsinlar, ushbu yer maydonlarini alohida hisobga olsinlar, qizilmiya yovvoyi holda o‘sadigan paykallarning saqlanishini ta’minlasinlar, qizilmiya tabiiy holda o‘sadigan yerlardan qurilish yoki boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘ymasinlar. Qizilmiya ildizlarining g‘ayri qonuniy ravishda kavlab olinishiga va respublika tashqarisiga tashib ketilishini to‘xtatishga doir qat’iy chora-tadbirlar ko‘rsinlar;
Amudaryo, Sirdaryo, Chirchiq, Angren, Zarafshon, Sherobod daryolari sohillaridagi o‘tloqlarda, zovurlar, kanallar va ko‘llar qirg‘oqlarida qizilmiya yetishtiriladigan ixtisoslashtirilgan ishlab chiqarish bo‘linmalari, uchastkalari, dehqon (fermer) xo‘jaliklari tashkil etish masalalarini ishlab chiqsinlar.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi:
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti bilan birgalikda asosan sho‘rlangan, paxtachilik va g‘allachilik uchun yaroqsiz yerlarda qizilmiya yetishtirish maydonlarini ko‘paytirish imkoniyatini ko‘rib chiqsin. Ushbu yerlarni dehqon (fermer) xo‘jaliklariga, uchastkalariga yoki boshqa ishlab chiqarish bo‘linmalariga birkitib qo‘ysin;
bir oy muddatda qizilmiya yetishtirishni yanada rivojlantirish parametrlarini belgilasin, “Qoraqalpoqlakritsa” aksionerlik-ishlab chiqarish birlashmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi va Davlat o‘rmon qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qizilmiya o‘stirish agrotexnikasini ishlab chiqsin hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga metodik tavsiyalar yuborsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “O‘zfarmsanoat” konserni, “Oziqovqatsanoat” va “O‘zkimyosanoat” uyushmalari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Davlat o‘rmon qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Qizilmiya” maqsadli dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, dasturda qizilmiya ishlab chiqarishni va uning ildizini qayta ishlashni rivojlantirish parametrlarini belgilasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat o‘rmon qo‘mitasi Fanlar akademiyasi, tegishli vazirliklar va idoralar, “Qoraqalpoqlakritsa” aksionerlik-ishlab chiqarish birlashmasi bilan birgalikda qizilmiya ildizini qayta ishlovchi ishlab chiqarishlarni tashkil etish haqidagi takliflarni ishlab chiqsin va 1996-yil 1-martgacha respublika Hukumatiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 16-apreldagi 161-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Qizilmiya yetishtiriladigan yerlarni, qizilmiya ildizi yetishtirish va sotish hajmlarini hisobga olish masalalari bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasiga yuklansin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-sonli qarori tahririda)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati majmui bo‘limiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 7-dekabr,
453-son