Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Toʻpolang” suv omboridan xavfsiz va samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda suv-energetika resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, “Toʻpolang” suv omboridan xavfsiz va ishonchli foydalanishni taʼminlash hamda davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Toʻpolang” suv omborini (keyingi oʻrinlarda — obyekt) “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatiga uning ustav kapitalidagi davlat ulushini obyekt balans qiymatiga oshirish hisobiga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligi “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda obyektning barcha inshootlari, asosiy vositalari (mexanizmlar, avtotransport vositalari) va tovar-moddiy boyliklari toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, belgilangan tartibda topshirilishi va qabul qilinishini taʼminlasin.
3. “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati:
a) 2021-yil davomida obyektning boshqaruv tizimini oʻz ichiga oluvchi suv resurslarini boshqarish, obyektning texnik holati ishonchliligini naturada kuzatish ishlarini muntazam amalga oshirishga qaratilgan nazorat-oʻlchash va seysmik xavfsizlik qurilmalari, lokal xabar berish tizimini avtomatlashtirish hamda qoʻriqlash muhandislik-texnik vositalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilishini;
b) obyektdan foydalanishda:
uning xavfsiz va ishonchli ishlashini, jumladan, suvni toʻplash va chiqarishda suv omboridan foydalanish qoidalariga qatʼiy amal qilinishini;
suv omboridan Gidrometeorologiya xizmati markazi maʼlumotlari va oʻrtacha koʻp yillik suv sarflariga koʻra ishlab chiqilgan va Suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan jadval asosida suv chiqarilishini;
suvning hisobi va hisoboti “Toʻpolang GESlar kaskadi” UK tomonidan amalga oshirilishini hamda maʼlumotlar tizimli ravishda Suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim etib borilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev hamda “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.A. Sanginov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-mart,
164-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2021-y., 09/21/164/0251-son)