Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga (keyingi oʻrinlarda — obyektlar) davlat tilida nom berish (neyming) xizmatini koʻrsatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Markaz va uning hududiy boʻlinmalariga obyektlarga davlat tilida nom berish xizmatini koʻrsatishga oid quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:
davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda obyektlarga qoʻyish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini onlayn rejimida shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish;
tashqi yozuv, peshlavha, reklama va eʼlonlar matnini tayyorlash, shuningdek, ularning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqligi, nomlarning bir xil yoki oʻxshashlik darajasi yuzasidan lingvistik ekspertiza oʻtkazish;
nomlash, nom yaratish faoliyati bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik qilish, ularga maslahat yordamlari koʻrsatish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga koʻra obyektlar uchun davlat tili qoida va meʼyorlariga, qonunchilik hujjatlariga va milliy qadriyatlarga mos boʻlgan davlat tilida nomlar yaratish va tanlash boʻyicha shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, obyektlarga nom berish “Davlat tili haqida”, “Firma nomlari toʻgʻrisida” va “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
bir oy muddatda Markazga ushbu qarorda nazarda tutilgan qoʻshimcha vazifalar yuklanganligini hisobga olgan holda uning ustavini yangi tahrirda tasdiqlasin hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan qayta oʻtkazilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda Markazni davlat tilida nomlashning lingvistik meʼyorlari va metodikasini ishlab chiqish hamda nomlash, nom yaratish boʻyicha metodik qoʻllanma va adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
olti oy muddatda Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari uchun davlat tilida nomlashning lingvistik meʼyorlari va metodikasi asosida yaratilgan nomlar zaxirasining elektron dasturiy taʼminotini ishlab chiqish va uni Davlat xizmatlari agentligining Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimiga integratsiya qilish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzbek tilida nom yaratishning lingvistik asoslarini yaratishga, sohalar boʻyicha nomlar zaxirasini shakllantirish va ularning elektron dasturiy taʼminotini ishlab chiqish hamda milliy brend qiymatini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovini eʼlon qilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-mart,
144-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 09/21/144/0214-son)