O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
G‘UZOR — BOYSUN — QUMQO‘RG‘ON (QIZIL OKTАBR) YАNGI TEMIR YO‘L LINIYASINI LOYIHALAShTIRISh VA QURISh MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-yanvardagi 43-sonli “Toshguzar — Boysun — Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorigi muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Foydali qazilmalar konlarini kompleks o‘zlashtirish, temir yo‘lda yuk tashishning transport ta’minotini yaxshilash, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining yangi mintaqalari ishlab chiqarish va ijtimoiy vazifalarini hal etish, O‘zbekiston Respublikasining yagona temir yo‘l tarmog‘ini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. G‘uzor — Boysun — Qumqo‘rg‘on (Qizil Oktabr) yo‘nalishida istiqbolda elektrlashtirish hisobga olingan holda yangi temir yo‘l liniyasini loyihalashtirish va qurish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
loyihalashtirish va qurishning boshlanishi va tugallanishi muddatlari — 1995 — 2000-yillardir;
qurilishning buyurtmachisi — “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksionerlik kompaniyasidir;
ishlab chiqarish va noishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo‘lgan obyektlar qurilishi bo‘yicha bosh pudratchi — “O‘zbektransqurilish” davlat uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasining boshqa pudrat tashkilotlaridir.
Loyiha-qidiruv ishlarini bajarish uchun Qozog‘iston Respublikasining loyiha institutlarini jalb etish tavsiya qilinsin.
3. “O‘zbektransqurilish” davlat uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, “O‘zbekneftgaz” milliy korporatsiyasi, Aloqa vazirligi bosh pudratchilar huquqi bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksionerlik kompaniyasining topshirig‘i bo‘yicha elektr uzatish, gaz va neft quvurlari, aloqa va boshqa muhandislik kommunikatsiyalari qurilmalarining mavjud liniyalarini ko‘chirish va yangilarini qurishni buyurtmachining mablag‘lari hisobidan belgilangan muddatlarda ta’minlasinlar.
4. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1995 — 2000-yillarga mo‘ljallangan kapital qurilish prognozida “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksionerlik kompaniyasiga yangi temir yo‘l liniyasini loyihalashtirish va qurish uchun respublika budjetidan zarur sarmoya mablag‘lari ajratilishini nazarda tutsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasining aksionerlik-tijorat banklariga obyektni loyihalashtirish va qurishni mablag‘ bilan ta’minlashni amalda bajarilgan ishlar hajmi bo‘yicha imtiyozli shartlarda amalga oshirish tavsiya etilsin.
6. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari:
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksionerlik kompaniyasi bilan birgalikda temir yo‘l liniyalari, muhandislik va transport kommunikatsiyalari qurilishi, qurilishning boshqa obyektlari uchun yer maydonlari ajratishni belgilangan tartibda amalga oshirsinlar;
“O‘zbektransqurilish” davlat uyushmasi bilan birgalikda qurilishga jalb etilgan xodimlarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini, ularning joylashishi, ovqatlanishini ta’minlasinlar;
temir yo‘l liniyasi qurilishiga qurilish bo‘linmalarini ularning mexanizmlari va odam resurslari bilan jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi G‘uzor — Boysun — Qumqo‘rg‘on (Qizil Oktabr) yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi asosiy loyiha yechimlarining atrof muhitga ta’sirini baholashni ekologik ekspertizadan o‘tkazsin hamda xulosa tayyorlasin.
8. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksionerlik kompaniyasi, “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi asosiy loyiha yechimlari ekspertizasini amalga oshirsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
9. Istiqbolda elektrlashtirish hisobga olingan holda G‘uzor — Boysun— Qumqo‘rg‘on (Qizil Oktabr) yangi temir yo‘l liniyasini loyihalashtirish va qurishni amalga oshirish davlat maqsadli dasturi deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 17-avgust,
323-son