Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish toʻgʻrisida
Sportning Olimpiya va milliy turlarini yanada rivojlantirish hamda mamlakat milliy terma jamoalarining ishonchli zaxiralarini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatini (keyingi oʻrinlarda — maktab-internat) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, maktab-internat:
oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining “Sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 2-iyundagi 410-son qarori asosida amalga oshiruvchi Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati hisoblanadi;
faoliyati va unga oʻquvchilarni qabul qilish 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tashkil etiladi;
bino va inshootlarini taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash 2021-yilda Qashqadaryo viloyati mahalliy budjetining daromadlar rejasining rejadan orttirib bajarilgan qismi hamda qoʻshimcha daromadlari hisobidan amalga oshiriladi;
2021-yilda saqlash xarajatlari Qashqadaryo viloyati mahalliy budjetining 2021-yil uchun tasdiqlangan parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlarning iqtisod qilingan qismi hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha yangi ilmiy-metodik tavsiyalar va yutuqlar asosida sport zaxiralarini, terma jamoalarga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash;
davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejasi va dasturlari talablari asosida oʻquvchilarning taʼlim tayyorgarligini taʼminlash;
zarur hollarda, Olimpiya sport turlari boʻyicha xorijiy trenyerlar va mutaxassislarni taklif qilgan holda ilgʻor ilmiy-metodik tavsiyalar asosida yosh sportchilarni tayyorlash borasida oʻquv-mashq jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish;
oʻquvchilarning jismoniy tayyorgarligi va texnik-taktik koʻnikmalarini takomillashtirish, professional mahoratini rivojlantirish, shuningdek, sportni rivojlantirish xalqaro talablariga muvofiq Oʻzbekiston milliy terma jamoalari zaxirasini tayyorlash darajasini oshirish;
oʻquvchi-sportchilar va trenyerlar tarkibining professional mahoratini oshirish uchun xorijiy sport maktablari va klublari bilan tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
bir oy muddatda maktab-internatning ustavi tasdiqlanishi, shuningdek, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
uch oy muddatda oʻquv-mashgʻulot jarayonini zarur darajada tashkil etish maqsadida maktab-internatni zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenyerlar bilan taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrsin;
Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda maktab-internatning bino va inshootlarida qurilish-taʼmirlash hamda jihozlash ishlarini 2022-yil Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirish boʻyicha taklif kiritsin.
5. Qashqadaryo viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Qashqadaryo viloyati, Gʻuzor tumani, Yargʻunchi MFY, Yargʻunchi qishlogʻi manzilida joylashgan sobiq Gʻuzor sanoat-transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini operativ boshqaruv huquqi asosida maktab-internatga bepul berilishini taʼminlasin.
6. Qashqadaryo viloyati hokimligi mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, 2022-yildan boshlab maktab-internatni saqlash xarajatlari uchun zarur mablagʻlarni Qashqadaryo viloyati mahalliy budjet parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Irmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-fevral,
86-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2021-y., 09/21/86/0133-son)