Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAN VA TEXNIKA DAVLAT QOʻMITASI MARKAZIY APPARATI TUZILMASIDAGI OʻZGARIShLAR TOʻFRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-martdagi 77-sonli “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikada axborot industriyasini barpo etish va rivojlantirish, innovatsiya faoliyati va xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi zimmasiga axborotlashtirish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish vazifasi yuklatilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi markaziy apparati tarkibida shtat soni 8 nafardan iborat boʻlgan Axborotlashtirish bosh boshqarmasi (Boshaxborot) hamda shtat soni 7 nafardan iborat boʻlgan xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik boshqarmasi tuzilsin.
3. Axborotlashtirish bosh boshqarmasi va Xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik boshqarmasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagicha belgilansin:
a) Axborotlashtirish bosh boshqarmasi:
axborotlashtirish sohasida umumdavlat dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishiga rahbarlik qilish, ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlarni taqsimlash, ishlarni muvofiqlashtirish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
axborotlashtirish sohasidagi loyihalar va takliflarni ekspertiza qilish, xalqaro andozalarni shu sohaga joriy qilish va ularga rioya etilishini nazorat qilish;
axborotlashtirilgan axborot va axborot-hisoblash tizimlari va tarmoqlarini, ularni hisobga olish, sertifikatsiyalash va litsenziyalar ham shu jumlaga kiradi, tashkil etilishini, rivojlantirilishini va ularning oʻzaro aloqasini tartibga solish;
axborotlashtirish sohasida xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish va ilmiy-texnikaviy aloqalarni muvofiqlashtirish;
bozor iqtisodiyoti sharoitida respublikada yagona axborot makonini yaratish usullari va vositalarini belgilash va joriy etish;
b) Xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik boshqarmasi:
Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo bitimlarining ilmiy va texnikaviy hamkorlikka doir qismini bajarish;
respublikaning xalqaro ilmiy-texnikaviy dasturlarini shakllantirish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
vazirliklar va idoralarning xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
korxonalar va tashkilotlarning ilgʻor xorijiy texnologiyalardan foydalanish, ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish va qoʻshma korxonalar tuzish toʻgʻrisidagi takliflarini ekspertiza qilish va amalga oshirishga yordam berish;
xalqaro ilmiy tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasining vakilligini taʼminlash;
respublikaning ilmiy va texnikaviy yutuqlarini chet mamlakatlarda targʻib qilish va ularning tashqi bozorga chiqishini tashkil etish;
xalqaro patentlarni rasmiylashtirish va litsenziyalarni sotish ishlariga koʻmaklashish;
xorijiy ilmiy markazlarda. mutaxassislar tayyorlash va ularning ish tajribasini oʻrganishlarini tashkil etish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi markaziy apparatining cheklangan soni 15 kishiga koʻpaytirilsin.
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 19-fevraldagi 71-son qaroriga oʻzgartirish kiritilib, 4-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasiga Raisning 2 nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari va shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan 7 kishidan iborat hayʼatga ega boʻlishiga ruxsat berilsin”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasining taqdimiga muvofiq Qoʻmita markaziy apparatini saqlashga qoʻshimcha mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 8-dekabr,
570-son